Shavkat Mirziyoyev “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi (video)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.
Mazkur hujjat mamlakatimizda boʻladigan saylov tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishni taʼminlash, shuningdek, saylov jarayonlarini boshqarishda axborot tizimini joriy qilish kabi maqsadlarda qabul qilingani bilan ham ahamiyatlidir.

Xoʻsh, hujjatning mazmun-mohiyati nimalardan iborat?
 
Kim boʻlishimizdan, qayerdadir oʻqish yoki ishlashimizdan qatʼiy nazar, saylovchimiz. Saylov – barchaning konstitutsion huquqi. Saylovchi ham tirik jon, u qayerdadir yashashi, ishlashi, mulkka ega boʻlishi, doimiy propiskada turishi – hammaga ayon. Biroq bunda bir narsaga eʼtibor qaratish kerakki, saylovchining yagona elektron roʻyxatga kiritilishi – fuqaroning aniq manzil-makonini-yu, dov-daskasini ham roʻyxatga olish, degani. Shu paytga qadar esa, yashirib nima qildik – bitta saylovchining bir nechta roʻyxatga kirib qolishi, oʻzi bir joyda-yu, roʻyxatda boshqa manzilda yashashi, buning oqibatida jahondagi saylovning oltin qoidasi boʻlmish: “Bitta saylovchi – bitta ovoz” tamoyiliga mudom ham rioya etilmagani kuzatilgan.
Avvalo, mazkur hujjat xuddi shu tartib-tamoyilni yoʻlga qoʻyadi. Qolaversa, bu yangilikning boshqa tomondan ham afzalliklari koʻp. Chunki bahonada… Keling, asosiy voqeani sharhlayveraylik, nafi nimaga tegishi haqida esa – ayni oʻrni kelganda aytamiz.
Muammoning bittasini, yaʼni saylovchilarning turli roʻyxatga tushib qolishini yuqorida qayd etdik. Bu borada boshqa muammo ham bor. U ham boʻlsa, bugungi joriy holat, yaʼni saylovchi-fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari toʻgʻrisidagi ishonchli boʻlmagan axborot, fuqarolarni saylovchilarning tegishli roʻyxatlariga avtomatik kiritganda aniqlik kasb etmaydi va, oʻz navbatida, turli chalkashliklar tugʻdiradi. Yana bir muammo shundaki, koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining yoʻqligi, shuningdek, bunday obyektlar yagona reyestridagi eskirib ketgan va unifikatsiyalashtirilmagan, xalqona tilda aytganda, bir idoradagi maʼlumot bilan ikkinchisi solishtirilmagan holatning mavjudligi – saylovchi uchun ham, komissiya aʼzolari uchun ham noqulaylik tugʻdirib kelgan.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan qaror – saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini joriy qilishga yoʻnaltirilgan saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratishga asos boʻlib xizmat qiladi. Asos boʻldi, deganimizki, bunga urinish sal avvalroq boshlangan, toʻgʻrirogʻi, sinov tariqasida 2017 yilning dekabrida Toshkent shahrida – xalq deputatlari tuman Kengashlariga boʻlib oʻtgan saylovlar davomida sinovdan oʻtkazildi.
Shu oʻrinda bu amaliyot osmondan olinmaganini, aksincha, xalqaro tajriba ham obdon oʻrganilganini eʼtiborga olib, biroz chekinish qilsak. Bugungi kunda BMTga aʼzo 193ta mamlakatning 40 foizida saylovlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalaniladi. Saylov jarayonini avtomatlashtirishga, deylik, Koreya Respublikasida – 1995-2015-yillar davomida, Turkiyada – 1986-2006-yillar davomida, Rossiya Federatsiyasida – 1994-1999-yillarda, Estoniyada esa – 2001-2007-yillar mobaynida erishilgan.
Qaror qabul qilindi. Unga koʻra, endilikda:
Markaziy saylov komissiyasi – mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy qilish va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan foydalanish boʻyicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududlarda tizimning samarali ishlashini taʼminlashga yagona texnologik yondashuvni taʼminlaydi;
“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi esa koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini yuritish uchun javobgar organ hisoblanadi.
Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, 2019 yilning 1 apreligacha boʻlgan muddatda – uyma-uy yurib aylanish orqali fuqarolarning pasport maʼlumotlarini Ichki ishlar vazirligining axborot bazasidagi koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda, bu – doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi. Jarayonga sektor rahbarlari ham jalb etiladi. Bu esa vazirlikning maʼlumotlar bazasi yana bir bor manzillar bilan qoʻshib, aniqlashtiriladi, natijada propiska olishi kerak boʻlgan fuqaroga ham, oʻz navbatida, soliq toʻlovchiga ham qoʻshimcha qulaylik yaratiladi, degani.
Albatta, tizim toʻliq joriy etila boshlashi, yaʼni 2019 yil 1 aprelga qadar hali vaqt bor. Ungacha esa qarorda belgilangan vazifalar ijro etiladi, saylov komissiyalarining vakillari esa yangi tizim bilan ishlash koʻnikmalariga oʻrgatiladi.
Shu oʻrinda sharh avvalida boshlab qoʻyganimiz – yangilikning boshqa jarayonlarga beradigan nafi haqida yana ikki ogʻiz soʻz. Eʼtibor bering, har bir davlatda “aholini roʻyxatga olish” degan yirik davriy oʻtkaziladigan tadbir bor. Bu – oʻsha mamlakatda qancha inson yashashi, uning turmush tarzi va manzil-makoni, yoshi-yu jinsi, moddiy taʼminoti, xullas, mavjud ahvol haqida roʻy-rost va toʻliq maʼlumot olish imkonini beradi. Davlatimiz rahbarining mazkur Qarori bilan boshlanadigan jarayon ham oʻziga xos bir roʻyxatga olishdek gap. Unda saylovchi-saylovchi deganimiz bilan, boshqa tomondan – manzilli ijtimoiy himoyaga, yordamga muhtoj, katalakdek xonadonda tiqilib qolgan odamlarni ham, uy-joy uchun ajratilgan yerlardan nechogʻli maqsadli foydalanayotganimiz ham, boshqa masalalar ham kundek ravshanlashib qoladi. Qaysi hududda qancha aholi yashayotgani haqidagi statistika ham aniqlashib, prognozlar tusmol va taxmin bilan qilinmaydi. Aniqlik esa baribir yaxshi. Qarorining mohiyati ham mana shunda…
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
huzuridagi Axborot-tahlil multimedia
markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

OʻzA