Sud zalidan reportaj: odam savdosi bilan shugʻullangan 21 yoshli qizga jazo tayinlandi (video)

shkent shahar Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida ushbu jinoyat ishi koʻrib chiqildi. 

Inson huquqini poymol qilib, erkini cheklashdek mudhish illat – odam savdosi zamirida chirkin boylik orttirishdek maqsad yashiringan. Har yili millionlab odamlar bu illat domiga ilinadi. Ammo odamfurushlarning aldov, zoʻravonlik yoʻli bilan yoshlar va ayollarni oʻz girdobiga tortayotgani, achinarli.

Tan olish kerakki, dunyo miqyosida tobora dolzarb muammoga aylanayotgan odam savdosi muammosidan mamlakatimiz ham xoli emas. Mazkur muammoning oldini olish, unga qarshi kurashish, odam savdosi jabrlanuvchilarini har tomonlama himoya qilish borasida bir qator amaliy saʼy-harakatlar qilinmoqda.

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasida oʻtkazilgan ochiq sud majlisi ayni yoʻnalishda jinoyat sodir etgan fuqaroni toʻgʻri yoʻlga boshlash maqsadida tashkil etildi.

K.I. oʻzi tanish boʻlgan yoki endigina tanishgan xotin-qizlarning ishonchiga kirib olgach, katta pul berishni vaʼda qilib, ularni Qozogʻiston Respublikasiga ishga yuborish bilan shugʻullanib yurgan. Uning bu ishlarida ijtimoiy tarmoqlar juda qoʻl kelgan. Oʻzi topgan qizlarni “Aleksandra” ismi bilan reklama qilish bilan ham shugʻullangan.

“Qingʻir ish qirq yildan keyin ham bilinar”, deganlaridek, odamlarning ishonchini suiisteʼmol qilib “jonli” tovarlarning ortidan moʻmay daromad topishni odat qilib olgan qizning qilmishi oshkor boʻldi.

Xotin-qizlarning baʼzilari hatto oʻz xohishi bilan, mamlakat tashqarisida qanday ish qilishini bilib bunga rozi boʻlgan. Aqli, es-hushi joyida odam oʻz tanasini sotish evaziga pul topishdan koʻra, halol mehnat qilib rizq yeyish va oila tebratish haqida oʻylaydi. Qars ikki qoʻldan chiqadi.Toshkent shahar Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan endigina 21 yoshni qarshilagan K.I.ning oilaviy ahvoli, oldin sudlanmagani, oʻz qilmishidan qattiq pushaymonligi hisobga olinib hukm chiqarildi.

Fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybdor, deb topilib, uch yil ishlagan daromadidan har oyda davlat hisobiga 20 foiz toʻlov toʻlashi lozimligi belgilandi.

 

B.Meliqulova, OʻzA