Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazmalar majmuasida “Plastmassa va polimerlar sanoati – Plastex Uzbekistan” hamda “Qadoqlash va bosma ishi – OʻZuPACK – OʻZBEKinPRINT” anʼanaviy xalqaro koʻrgazmalari ochildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmalardan asosiy maqsad mazkur yoʻnalishlarni yangi bosqichga koʻtarish va tizimga eng yangi texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashdir.
Bu yilgi koʻrgazmalar oʻziga xos tarzda tashkil etilgan boʻlib, pavilonlardagi plastmassa va polimerlar sanoati hamda qadoqlash va bosma ishi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, mahsulotlarning yangi turlari namoyishi kishini beeʼtibor qoldirmadi. Shu jihatdan ham, bunday koʻrgazmalar maydonini tashkil etish mahalliy va xorijiy kompaniyalar faoliyatida juda muhimdir. Yangiliklarga ishtiyoqi baland kompaniyalarning mazkur tadbirlarda ishtiroki yildan-yilga ortayotgani bunga yaqqol misoldir. Masalan, oʻtgan galgi namoyishda 12 davlatdan 80 kompaniya qatnashgan boʻlsa, bu safar 16 mamlakatdan 140 kompaniya ishtirok etmoqda.
Taʼkidlash kerakki, “Plastmassa va polimerlar sanoati – Plastex Uzbekistan” xalqaro koʻrgazmasida doimiy ishtirokchilar qatorida Oʻzbekiston, Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlardan yangi kompaniyalar ham qoʻshilmoqda.
Xitoydagi “Jing Hong” plastmassa mahsulotlariga qolip ishlab chiqaruvchi korxona ham bu koʻrgazmada birinchi bor qatnashmoqda.
– Korxonamiz oʻn ikki yildan buyon faoliyat koʻrsatadi, – dedi ushbu korxona bosh direktori Leo Vang. – Oʻtgan yillar mobaynida korxonamiz mahsulotlari Xitoyda ham oʻz oʻrnini egallab ulgurdi. Raqobat juda kuchli, lekin biz bundan qoʻrqmay, ildam qadam tashlayveramiz. Bugungi kunda avtomobil ehtiyot qismlari, turli kichik hajmdagi trubalar, stol-stullar, uy-roʻzgʻor buyumlari kabi plastmassa mahsulotlarga qoliplar ishlab chiqaramiz. Yurtingizda oʻtkazilayotgan koʻrgazmaga ilk bor qatnashyapmiz va bu ulkan samara berishiga ishonamiz.
Qadoqlash va bosma ishi boʻyicha taklif etilayotgan mahsulotlar ham tomoshabinlar diqqatini tortmoqda. Ayniqsa, bu yerda qadoq, belgi va bosma ishi, qogʻoz kesish mashinasi, fleksbosma uchun avtomat uskuna, inyeksiyali quyish mashinasi, kitob korpusini tayyorlash uchun avtomatik mashina, babinali-kesish mashinasi kabi koʻplab zamonaviy asbob-uskunalar namoyishi mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilarni xaridorlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatishga imkon yaratmoqda.
Koʻrgazmada oziq-ovqat va ichimliklar, nooziq-ovqat tovarlari, kosmetika va dori vositalari, qurilish mollari, sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xorijiy kompaniyalar qatorida “Polimaks”, “Uzpolitex Holding”, “Poytaxt savdo group”, “Tezkor matbaa” kabi mahalliy bozo
rning yetakchilari faol ishtirok etmoqda.
Aytish joizki, mazkur koʻrgazmalar yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportiga keng yoʻl ochish barobarida kimyo, meva-sabzavot, farmatsevtika, toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalari va xomashyolarga investitsiyalar kiritish imkoniyatini yaratadi.
Koʻrgazmalar namoyishi 5-oktyabrga qadar davom etadi.