Klaster usulida paxta yetishtirish va uni tayyor mahsulot sifatida qayta ishlashdek ilgʻor, zamonaviy iqtisodiy mexanizm aslida qanday ishlaydi? Uning afzalligi nimada?
Bu savolga javobni Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Textile Finans Namangan” korxonasi faoliyati misolida izlab koʻramiz.
Klasterni amaliyotga tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar, bu usulning afzalliklari haqida korxona rahbari A.Kenjayev OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi kunda jahonda xomashyo emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyot yetakchilik qilmoqdaki, bu yoʻnalishda tashabbus koʻrsatmagan, ichki bozorda tayyor mahsulot importini kamaytirish bilan birga eksport salohiyatini oshirish boʻyicha izlanmagan davlat raqobatda yutqazib qoʻyishi hech gap emasligini hayotning oʻzi takror-takror koʻrsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tashabbusi bilan amaliyotga joriy qilingan klaster usuli paxtachilik bilan bir qatorda toʻqimachilik sanoati rivojida ham muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlash joiz.
Yerni chigit ekishga tayyorlashdan tortib, yetishtirilgan paxta xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha bosqichni qamrab olgan klaster usulini amalga oshirish boʻyicha tumandagi 404 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnoma tuzilgan. Innovatsion loyihaga asosan mazkur xoʻjaliklar tasarrufidagi maydonlardan 9 ming 836 gektarda yetishtirish rejalashtirilgan 32,5 ming tonna paxta hosilini sotib olish va qayta ishlab, tayyor mahsulot koʻrinishida bozorga chiqarish koʻzda tutilgan. Biroq, nafaqat xomashyoni sotib olish, balki yuqorida aytilganidek, uni parvarishlash va koʻzlangan hosildorlikka erishish masʼuliyatining korxona zimmasida boʻlishi klaster usulining mohiyatidir. Yaʼni, bizga sifatli paxta xomashyosi kerakmi, demak uni yetishtirish oʻzimizga bogʻliq.
Shundan kelib chiqib, avvalo, yer unumdorligini oshirish, gʻoʻza parvarishida agrotexnik, biokimyoviy ishlovlarga ilmiy-amaliy yondashuv tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Yerni mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan toʻyintirish maqsadida har gektar ekin maydoniga yerning ball boniteti talab qilgan miqdorda ammofos, kaliy, azot va boshqa mineral oʻgʻitlar berildi. “Namangan-77”, “S-6425”, “Porloq” kabi iqlim sinovidan oʻtgan chigit urugʻi ekildi.
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, yuqori sifat va hosildorlikka erishishda zamonaviy texnika vositalarining oʻrni beqiyos. Shuni hisobga olgan holda, birinchi navbatda, Fransiyadan 5 ta chigit ekish agregati keltirildi. Uyalab ekish texnologiyasiga asoslangan mazkur agregatlar ekish jarayonida har gektardan 30 kilogramm urugʻlik chigit tejash imkonini beradi. Hozirda paxtachilikda foydalanilayotgan ekish agregatlarida gektariga 40-60 kilogramm urugʻlik sarf qilinayotgan boʻlsa, biz keltirilgan zamonaviy ekish moslamasida bu koʻrsatkichni 22-26 kilogrammgacha kamaytirishga erishdik. Demak, joriy yil ekish mavsumida tuman miqyosida taxminan 290 ming tonna atrofida urugʻlik chigit kam sarflandi. Bu fermer xoʻjaliklariga qancha mablagʻ tejab qolish imkonini berganini oddiy arifmetik hisob-kitob yordamida bilib olish qiyin emas.
Bundan tashqari, Belarusdan 30 ta MTZ-80X, MTZ-100X traktori, 20 ta kultivator agregati keltirilib, gʻoʻza parvarishida samarali foydalanildi. Amerikaning 2 ta paxta terish kombayni dalaga chiqishga shay turibdi.
Uchqoʻrgʻon viloyatning shimoliy tumanlaridan boʻlgani bois, paxta boshqa hududlarga nisbatan bir muncha kech ochiladi. Ayni paytda 1 ming gektar yerdagi hosilni ana shu kombayn yordamida terish rejalashtirilgan, defoliatsiyadan keyin gʻoʻza barglarining toʻliq toʻkilib boʻlishi va paxtaning qiygʻos ochilishi bilan kombayn ishga tushiriladi. U bir ish kunida 40 gektar maydondagi hosilni yigʻishtirib olish quvvatiga ega. Kombayn bunkeridagi 2300-2400 kilogramm paxtani sellofanga qadoqlab, katta toypaxta koʻrinishida agʻdarib ketaveradi. Kompyuterlashtirilgan tizim “toypaxta” qaysi fermerga tegishli ekani, vazni va terilgan sanasi haqida tamgʻa bosib qoʻyadi. Albatta, bunday katta qadoqlangan yukni tarnsportga ortish uchun moʻljallangan yuklagich texnikalar ham keltirilgan.
Fermerlarga paxta yetishtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻning 60 foizi boʻnak tariqasida oldindan toʻlab berilgan. Ayni kunlarda 180 ta fermer xoʻjaligi yoppasiga terimga tushgan va paxtaning ochilishiga qarab boshqa xoʻjaliklarda ham yigʻim-terimga kirishilmoqda. Hozirgacha terib olingan paxta 5000 tonnadan oshdi.
Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA