Sammitda muhim hujjatlar imzolandi

Tor doiradagi muzokaradan soʻng MDH mamlakatlari rahbarlari majlisni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.
Dushanbe, 28-sentyabr. 
OʻzA maxsus muxbiri Alouddin Gʻafforov xabar qiladi.
Majlisda qator salmoqli hujjatlar, jumladan, 1948-yil 10-dekabrdagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan bayonoti, Kosmosni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida MDH konvensiyasi, 1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni nishonlash boʻyicha asosiy tadbirlar rejasi, 2019-2023-yillarga moʻljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlar davlatlararo dasturi, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, 2021 yilni MDHda arxitektura va shaharsozlik yili deb eʼlon qilish haqidagi kelishuv va boshqa hujjatlar imzolandi.
MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi koʻrib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2019-yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Turkmanistonga oʻtdi.
Shuningdek, MDH mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi.

 

OʻzA