Buxoro: ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, ichki yoʻllarni taʼmirlash, transport qatnovi tizimini yanada rivojlantirish zarur

Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida senatorlar Buxoro viloyati hokimining hududiy Kengashlar faoliyati haqidagi hisobotini eshitdilar.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz 2018 yil fevralda Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
2017 yil va joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda 1 trillion 66 milliard 954 million soʻmdan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirildi. Bundan tashqari, 2 ming 185 tadan ziyod loyiha amalga oshirilishi tufayli 21 ming 854 yangi ish oʻrni yaratildi.
Oʻtgan vaqt davomida hududda qariyb 3 ming 800 xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyekti tashkil etildi. Ularning umumiy soni 14 ming 700 tadan oshdi. Tijorat banklari tomonidan ularga 2 trillion 157 milliard 400 million soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilgan.
Yalpi majlisda viloyatdagi mavjud muammolarga ham eʼtibor qaratildi. Jumladan, ichimlik suvi taʼminotini joylarda yanada yaxshilash,eʼtibordan chetda qolayotgan ichki yoʻllarni taʼmirlash, turizmni rivojlantirish uchun yoʻlovchilarni tashuvchi transportlar qatnovi tizimini yanada rivojlantirishga oid takliflar bildirildi.
Senatorlar Buxoro viloyatini rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan qator muammo va kamchiliklar borligini, mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotganini taʼkidladilar.
Muhokama yakunlari boʻyicha vazirliklar va idoralar, joylardagi ijro hokimiyati organlarining hududni rivojlantirish masalasini hal etish boʻyicha masʼuliyatni oshirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

 

A.Musayev, OʻzA