Onlayn: Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorovga parlament soʻrovi yuborildi

Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida senatorlar qishloq xoʻjaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.Qoʻchqorovga parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqdilar.
Soʻrov yuborish tashabbusi Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan ilgari surildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2018 yilning birinchi yarim yilligida 2 milliondan ortiq kishi fermer xoʻjaliklarida ish bilan band. Ularning 500 mingdan ziyodi rasman ishga joylashtirilgan. Qolgani kishilar esa norasmiy band boʻlganlardir.
Majlisda ushbu masala muhokama qilindi va mehnati norasmiy bandlik deb eʼtirof etilayotgan kishilarning manfaatini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratildi. Senatorlar parlament soʻrovi yuborish tashabbusini qoʻllab-quvvatladilar.

 

OʻzA