Onlayn: Oʻzbekistonga kelmagan tibbiy uskunalar

Yoki xorijdan yurtimizga keltirilishi zarur boʻlgan davolash va diagnostikaning yuqori texnologik zamonaviy usullarini joriy etish uchun tibbiy uskunalar nega vaqtida keltirilmadi?
Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimovning 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi ijrosiga oid axborotida bu qayd etib oʻtildi.
Germaniyaning KfW-banki va Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamgʻarmasining moliyaviy koʻmagida markazlar amaliyotiga davolash va diagnostikaning yuqori texnologik zamonaviy usullarini joriy etish belgilangan. Biroq xalqaro tashkilotlar bilan ushbu masalalar muhokamasi oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli Dasturda belgilangan bir qator vazifalar oʻz vaqtida bajarilmay qolgan.
Xususan, 2017 yilda Germaniyaning KfW-bankining 3,3 ming AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy koʻmagida MRT, Angiograf, “CARTO”-RCHA uskunalarini olish va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini jihozlash ishlari amalga oshirilmagan.
2017-2018 yillarda Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasining moliyaviy koʻmagi asosida 3,354,3 ming AQSH dollariga teng miqdorda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini yuqori texnologik tibbiy jihozlar bilan jihozlash ishlari bajarilmagan.
Dasturda 2017-2018 yillar davomida Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga davolash va diagnostikaning zamonaviy yuqori texnologik usullarini joriy etish belgilangan.
Biroq, Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan olinishi rejalashtirilgan 2 mln. 713 ming AQSH dollari miqdoridagi asbob-uskunalarning sotib olinmaganligi sababli yuqorida qayd etilgan yuqori texnologik usullar markaz amaliyotiga joriy etilmagan.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga bir qator yuqori texnologik zamonaviy usullar joriy etish koʻzda tutilgan. Ammo 2018 yilda amalga oshirilishi belgilangan beta-laktamaza faolligini aniqlash usuli Germaniyaning KfW-banki tomonidan moliyalashtirilmaganligi sababli joriy etilmagan.
2017 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliyotiga markaziy asab tizimi va orqa miya hosilalarida kontrastli magnit-rezonans tomografiya usulini joriy etish belgilangan. Lekin Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamgʻarmasi moliyaviy koʻmagida olinishi rejalashtirilgan asbob-uskunalar olinmaganligi sababli ushbu yuqori texnologik usul ham joriy etilmagan.
Bu texnologiyalar vaqtida keltirilganida qanchadan-qancha bemorlarning dardiga toʻgʻri tashxis qoʻyilgan, davolash osonlashgan, muhimi shifo topish tezlashgan boʻlardi.

 

N.Abduraimova, OʻzA