Axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilindi

“ICTWEEK Uzbekistan – 2018” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “Oʻzekspomarkaz”da ilk bor “DIGITAL UZBEKISTAN” forumi tashkil etildi.

Qiziqarli taqdimotlar va dolzarb mavzular muhokamasi, AT-sohasidagi jahonga mashhur mutaxassis va olimlar bilan tajriba almashish imkoniyati taqdim etilgani forumni AKT haftaligining eng yorqin voqeliklardan biriga aylantirdi.

Bu yerda bir maydonchada Oʻzbekiston, Shvetsiya, Gruziya, Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Germaniya va Singapurdan axborotlashtirish va digital-transformatsiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar jam boʻldi.

Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov AKTni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, mamlakat hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlarining oʻtkazish qobiliyatini kengaytirish va oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, digital-transformatsiyaning zaruriyati haqida soʻzlab berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining soʻzlariga koʻra, bugun koʻz oʻngimizda iqtisodiy taraqqiyot modellarining global oʻzgarishi roʻy berib, u iqtisodiy oʻsishning yangi yoʻnalishlarini shakllantirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan AKTni keng joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Forum dasturidan spikerlar chiqishi vashoʻʼba munozaralari oʻrin oldi. Spikerlar chiqishlarida oʻz mamlakati va kompaniyalarining digital-transformatsiya, avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish sohasidagi tajribalari haqida maʼlumot berdi. Oʻz navbatida, shoʻʼba munozaralari Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan strategik qaror va dasturlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Ishtirokchilar Oʻzbekistonda AKT sohasidagi qonunchilik muntazam takomillashib, korxonalarning ishlab chiqarish quvvati oshib borayotgani, eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganini taʼkidladi. Mobil aloqa faol rivojlanayotgani tufayli operatorlar, internet-provayderlar va internetdan jamoaviy foydalanish shoxobchalari soni ortib bormoqda.

Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari S.Boboxoʻjayevning chiqishi forum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. U oʻz maʼruzasida mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimiga AKTni joriy etish boʻyicha rejalar hamda natijalar haqida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, Xalq taʼlimi vazirligidan maslahatlar olish va takliflar berishga moʻljallangan yangi portal taqdimotini oʻtkazdi. Bundan tashqari, yurtimiz umumtaʼlim maktablari taʼlim tizimida foydalaniladigan barcha darslik va oʻquv qoʻllanmalar, mustaqil mashgʻulotlar uchun videodars va materiallarning elektron nusxasini oʻz ichiga olgan yangi veb-resurs yaratilishi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, kelgusi yildan barcha oʻquv materiallarini aprobatsiya qilish tizimi joriy etiladi. Shu tariqa oʻquvchilar qoʻliga kelib tushishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan oʻtadi.

Forumning shoʻʼba munozaralaridan biri moliya sohasidagi raqamli transformatsiyaga bagʻishlandi. Turli mamlakat mutaxassislari iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi trend va istiqbollari, bank sohasi, tezkor toʻlovlar, davlat xizmatlari uchun onlayn-toʻlovlar, moliya tarmogʻi transformatsiyasi sohasidagi bulutli yechim va ilgʻor texnologiyalarga bagʻishlangan maʼruzalarini taqdim etdi.

Shunday qilib, forum axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish, mamlakat mutaxassislarining xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish uchun oʻziga xos muloqot maydoni vazifasini oʻtadi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA