Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi Prezidenti Oʻzbekistonda amalga oshirilgan yangilanishlarga yuksak baho berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi (XPK) Prezidenti G. Yarosh boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, prokuratura organlari tizimining tubdan qayta tashkil etilgani haqida maʼlumot berildi.
G. Yarosh Oʻzbekistonda amalga oshirilgan yangilanish va modernizatsiya jarayoniga yuksak baho berar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik oʻrnatishga katta ishonch bildirdi. Uchrashuv davomida u XPAning faoliyati, uning asosiy yoʻnalishlari va vazifalari haqida soʻzlab berdi.
Qayd etilganidek, XPAga 180 davlat aʼzo boʻlib, u dunyoning koʻp mamlakatlari prokuratura organlari orasida professional aloqalarni oʻrnatish uchun muhim platforma hisoblanadi.
XPA Prezidenti Oʻzbekistonlik hamkasblarini 2019 yilda Minsk (Belarus) shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy konferensiyaga taklif qildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston XPAga aʼzo boʻlishi uchun tomonlar amalga oshirilishi lozim boʻlgan davlat ichki taomillarini yoʻlga qoʻyish hamda boshqa aʼzo davlatlar prokuraturalari bilan Oʻzbekiston uchun manfaatli boʻlgan aloqalarni oʻrnatishda XPA tomonidan yordam berilishiga oid masalalar haqida ogʻzaki kelishib olindi.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA