Klaster – “xazinalar sandigʻi"dir

Jahon iqtisodiyotida kechayotgan integratsiya globallashuv jarayoniga katta taʼsir koʻrsatmoqda. Bu bir tomondan qoʻshimcha qiymat yaratishning transmilliy “zanjirini” koʻzda tutgan holda, ikkinchi tomondan ishlab chiqarish sohasida ham raqobatni kuchaytirmoqda.
 
1.JPG
Prezidentimizning integratsiyaga qaratayotgan eʼtiborini bugun Yevropaning rivojlangan davlatlari yuqori baholamoqda. Ayniqsa, yurtimizdagi fan-taʼlim tizimidagi integratsiyalashuv jarayoni katta anjumanlarda, xalqaro simpoziumlarda tan olinayapti. Agar iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, bu yuksalish zamirida ilm-fanni tubdan rivojlantirish turganiga guvoh boʻlamiz.
3.JPG
Integratsiyalarning kichik darajasi mamlakatlar iqtisodiyotida yangi xoʻjalik yuritish tizimini shakllantirish yoʻli hisoblanib, oʻzaro pirovard mahsulot ishlab chiqaradigan va geografik yaqin boʻlgan korxona va tashkilotlarni oʻz ichiga olgan “klaster”lar yaratishdir.
4.JPG
“Klaster” atamasi fransuzcha boʻlib, “bogʻlam”, “guruh”, “toʻplanish” maʼnolarini beradi. Qiyosiy taʼrif bersak, bu – “xazinalar sandigʻi”dir. “Klaster” nazariyasini oʻrganish jahon hamjamiyatida tez surʼatlarda oʻsib bormoqda va uni amaliyotda qoʻllash esa milliy va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishning asosiy yoʻnalishlariga aylanmoqda. Klaster nazariyasi ilmiy jarayonga marketing strategiyasi shaklida, davlat, hududlar va mintaqalar korxonalarining bozordagi raqobat muhitida gʻolib boʻlishini taʼminlovchi gʻoya-usuli sifatida kirib keldi.
5.JPG
Klasterlarni shakllantirishdan maqsad shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini va ular bilan yagona texnologik zanjirda boʻlgan taʼlim, ilmiy, injiniring, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni uygʻunlashtirish – innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish asosida raqobatbardosh tovarlar yaratishga yoʻnaltirishdan iborat. Bunda aholini ish bilan taʼminlashdek muhim jihat ham oʻzini namoyon etadi.
Oʻzbekistonda paxta-toʻqimachilik sanoatida klaster tizimini joriy qilish tashabbusi mamlakat qishloq xoʻjaligini yaxlit bir tizim asosida rivojlantirish uchun muhim omil boʻldi. Eng muhimi bu tizim asosida mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qilayotgan olimlar birlashdi.
Davlatimiz rahbarining “Eng muhim vazifa – xalqimiz ongida innovatsion tafakkurni shakllantirish, innovatsiyalar boʻlmagan joyda rivojlanish va raqobat boʻlmaydi” degan gʻoyaviy fikri zamirida katta hayotiy maʼno mujassam.
Shu maʼnoda, qishloq xoʻjaligi tizimida milliy boyligimiz hisoblangan paxta-toʻqimachilik klasterida qoʻllanilayotgan innovatsion gʻoyalar nafaqat yengil sanoatni, balki oʻz yoʻlida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kabi oʻnlab tarmoqlarni ham qamrab oladi.
Oʻzbekistonda paxta xomashyosining asosiy isteʼmolchisi toʻqimachilik sanoati boʻlib, u respublikaning sanoat kompleksida muhim oʻrin tutadi. Qishloq xoʻjaligi sohasida ham amalga oshirilayotgan ishlar oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Bakridin Zaripov,
 
Qishloq xoʻjaligi fanlari
 
akademiyasining aʼzosi,
 
biologiya fanlari doktori,
 
professor

 

OʻzA