Rossiyalik mutaxassislar Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlarga yuqori baho berdi

“Taʼlim sifatini baholash boʻyicha tajriba almashish va xalqaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi rahbarligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi“, deya xabar bermoqda Inspeksiya axborot xizmati.

Tashrif dasturiga muvofiq Inspeksiya vakillarining Rossiya Federatsiyasining Taʼlim va ilm-fanni nazorat qilish federal xizmati, Maʼrifat vazirligi, Oliy taʼlim va ilm-fan vazirligi, Rossiya taʼlim akademiyasi qoshidagi Taʼlim sifatini baholash milliy markazi (SOKO), Jahon bankining Moskvadagi vakolatxonasi va boshqa bir qator taʼlim tizimidagi tashkilotlar bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Bugun Inspeksiya delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Taʼlim va ilm-fanni nazorat qilish federal xizmatiga tashrif buyurdi va tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Federal xizmat rahbari S.S.Kravsov tashkilotning asosiy faoliyati toʻgʻrisida kengaytirilgan davrada taqdimot shaklida maʼlumot berdi va Inspeksiya vakillari federal xizmatining asosiy boʻlinmalari faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Uchrashuvda Rossiyalik mutaxassislar tomonidan Oʻzbekistonda taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi. Ayniqsa, taʼlim sifatini nazorat qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va faqatgina hukumatga boʻysunuvchi mustaqil tashkilot, yaʼni Inspeksiyaning tashkil etilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

photo5285077869455845809.jpg

Inspeksiya rahbari U.Tashkenbayev Oʻzbekiston ham xuddi shu yoʻnalishda borayotganligi haqida maʼlumot berar ekan, Inspeksiya tomonidan 2018 yilda birinchi bor oliy taʼlim muassasalarining reytingi tajriba-sinov tariqasida keng ommaga eʼlon qilinganligi, xalqaro nufuzli reyting agentliklari (QS Ranking, Times Higher Education, ARWU, Joong ang Ilbo) hamda rivojlangan mamlakatlar milliy reyting tizimi indikatorlari va hisoblash metodikasi asosida ishlab chiqilgan milliy reyting tizimi orqali Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari xalqaro reyting roʻyxatidan joy olishiga erishish asosiy koʻzlangan maqsadlardan biri ekanligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Federal xizmat rahbari S.Kravsov Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi hamda Davlat inspeksiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik shartnomasini imzolashga kelishib olindi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasidagi rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

I.Ahatova, OʻzA