Maqsad – paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli yigʻib-terib olish

Joriy yilda paxta yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari uchun zarur sharoitlar yaratilgani, urugʻlik chigit, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida yetkazilib berilganligi, suvdan oqilona foydalanilgani, dehqonu fermerlarning fidokorona mehnati evaziga dalalarda moʻl hosil toʻplanishiga erishildi.
photo5280806198062459223.jpg
Galdagi asosiy vazifa yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishdan iboratdir. Bu boradagi ishlarni samarali uyushtirish maqsadida terim otryadlari tashkil etildi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri Bahodir Yusupov boshchiligidagi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish boʻyicha ish olib bormoqda.
Ellikqalʼa va Amudaryo tumanlarida paxta hosilini nest-nobud qilmasdan, sifatli, uyushqoqlik bilan terib olishni tashkillashtirishda asosiy vazifasini oʻtayotgan otryad rahbarlari uchun seminar oʻtkazildi. Ularga terimni samarali tashkil etish tizimi boʻyicha tavsiyalar berildi.
Terimchilarga qulay sharoitlar yaratish, kunlik terim surʼatini oshirib borish, paxta tashish uchun traktor va pritseplar, tarozi doim taxt holatda boʻlishini taʼminlash va eng muhimi mehnatga oʻz vaqtida haq toʻlash, ilgʻor terimchilarni muntazam ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Amudaryo tumani Toʻlqin MMTP hududidagi 34-otryad terim maydonida oʻtkazilgan seminar yakunida mavsumda faol ishtirok etayotgan terimchilarga ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar topshirildi.

 

Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati, O’zA