“Poytaxt” biznes markazida davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligini xalqaro baholash tamoyillariga bagʻishlangan seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz va xorijning moliyaviy tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 22-avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligini PEFA metodologiyasi mezonlari asosida baholashni oʻtkazishning ilmiy-amaliy jihatlari tahlil etildi.

PEFA – mamlakat davlat moliyasini boshqarish (DMB) tizimi samaradorligi darajasini aks ettiruvchi diagnostik mexanizm. U fidutsiar kafolat instrumentni, yaʼni investitsiyalarni kiritish va kreditlashtirish yoʻlidagi ishonchli baho va tuzilma boʻlib, DMBning munosib amaliyoti boʻyicha maʼlumotnoma va mamlakat ichida DMB tizimining samaradorlik dinamikasini taqqoslashga xizmat qiladi. Ayniqsa, PEFA bahosi Yevropa Ittifoqi, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar uchun muhimdir.

Qayd etilganidek, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish sohasidagi islohotlarni amalga oshirish doirasida Moliya vazirligi va Jahon banki tomonidan 30 million AQSH dollari miqdoridagi institutsional salohiyatni oshirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Yuqorida zikr etilgan qaror ijrosiga koʻra, Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik metodologiyasi mezonlari asosida davlat moliyasini boshqarishning samaradorligini baholashni oʻtkazish choralarini koʻrish belgilangan. Shu maqsadda Jahon banki va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi joriy yilning 5 oktyabriga qadar Toshkentda boʻlib, davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligini PEFA metodologiyasi mezonlari boʻyicha baholashdan oʻtkazadi. Bu borada yakuniy xulosani maʼlum qiladi.

– Mahalliy vakil sifatida ishchi guruh aʼzosiman, – dedi Moliya vazirligining byudjetni tuzish va gʻaznachilik ijrosi, ichki audit va moliyaviy nazorat metodologiyasi boshqarmasi boshligʻi Ismonjon Mamajonov. – Ishchi guruh davlatning moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini, davlat byudjetining shaffofligi va moliyaviy barqarorligini PEFA mezonlari boʻyicha baholaydi. Davlatning moliyaviy barqarorligi xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishini orttirib, hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yoʻl ochadi. Bu jarayonda PEFA maʼlumoti ularning faoliyatida muhim boʻladi. Jahon banki va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi ishtirokidagi guruh tomonidan davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorligi xolisona baholashdan oʻtkazilishi biz uchun ham muhim. PEFA mezonlari asosida davlat moliyasi 3 natija, 7 rukn, 31 koʻrsatkich va 94 parametr talablari boʻyicha baholanadi. Natijalar Moliya vazirligi va Jahon banki saytlariga qoʻyiladi.

– Toshkentda oʻtkazilgan seminar guruhimiz uchun ham foydali boʻldi, – dedi Jahon bankining iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassisi, PEFAning mamlakatimizdagi guruhi rahbari Patrik Piker Uma Tet. – Aytish joizki, 2005-yilgi dastlabki baholashlardan buyon PEFA uslubiyoti 150 mamlakatda 500 marotaba qoʻllanilgan. Davlat moliyasini boshqarishni baholashda tan olingan standart boʻlgan mazkur metodologiya 40 mingdan ortiq individual ishlab chiqarish koʻrsatkichlaridan iborat yirik hajmdagi maʼlumotlarni jamlaydi. Biz oxirgi safar PEFA baholash metodologiyasi boʻyicha Gruziya davlatining moliyaviy holatini baholashdan oʻtkazganmiz. U yerda tez va qisqa muddat xulosa bergan edik. Mana endi shu maqsadda yurtingizga tashrif buyurdik. Maqsadimiz tezkorlikda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholashdan oʻtkazish va yakuniy xulosa berishdir.

Ishtirokchilar ikki kun davomida PEFA baholash metodologiyasi boʻyicha ilmiy va amaliy mashgʻulotlarda qatnashib, bu borada bilim, tajriba va koʻnikmaga ega boʻldi. Seminar-trening baholash natijalari uzoq muddatli davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqishda oʻz natijasini beradi.

Yakunda amaliy mashgʻulot ishtirokchilariga sertifikatlar berildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA