“Odnoklassniki” UzCard kartalarini pul oʻtkazmalari xizmatiga bogʻladi

“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmogʻi Oʻzbekistonlik foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatni yaratmoqda: endi ijtimoiy tarmoqdagi profilingizdan toʻgʻridan-toʻgʻri UzCard plastik kartalari oʻrtasida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish mumkin. Xizmatning asosiy afzalliklari – pul mablagʻlarini qoʻshimcha yoki umuman boshqa ilovalardan foydalanmagan holda oʻtkazish, bozordagi eng kam komissiya haqi va pul operatsiyasi uchun bank tomonidan yechib olinadigan mablagʻlarning bir qismini qaytarilib berilishi.
Toshkent shahrida 21 sentyabrdan yangi mahalliy toʻlov xizmati yordamida oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqni tark etmasdan turib, mamlakat ichida pul mablagʻlarini qulay va tezkor ravishda joʻnatishi mumkin.
Yangi xizmat tufayli OKning Oʻzbekistondagi ikki milliondan ortiq faol foydalanuvchilari (oylik auditoriya, 2018) oʻz yaqinlari va qadrdonlariga pul oʻtkazish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Pul oʻtkazish xizmati viloyatdan qatʼiy nazar va ijtimoiy tarmoqning taqdim etilgan barcha versiyalarida (mobil, desktop, android va IOS uchun ilovalar) mavjuddir. Xizmatda pul oʻtkazmalari tarixini koʻzdan kechirish imkoniyati mavjud boʻlib, kartalar raqamlarini saqlab qoʻyish (har safar yangidan kiritmaslik uchun), hamda bajarilayotgan operatsiyalarning holati toʻgʻrisida maʼlumotlar beriladi.
Boshqa pul oʻtkazmalari xizmatlari oldidagi yana bir afzalligi – bu oʻxshash xizmatlar orasida eng kam komissiya haqi – 0,5 foizdan 1 foizgacha (bank-emitentga bogʻliq). Bundan tashqari OK foydalanuvchilari bank tomonidan pul oʻtkazmasi uchun olingan haqlarning bir qismini qaytarib olish imkoniyatiga egadir. Masalan, 1 foizlik komissiya haqi uchun keshbek 0,1 foizni tashkil etib, bonus “Keshbek-karta”siga oʻtkaziladi. Yigʻilgan pul mablagʻlari 5000 soʻmdan oshgan vaqtda foydalanuvchi yigʻilgan pullarni “Keshbek-karta”sidan oʻtkazishi mumkin.
Qanday qilib OK profilingiz orqali pul mablagʻlarni kartadan-kartaga oʻtkazishingiz mumkin? UzCard kartalari oʻrtasida pul oʻtkazish uchun Toʻlovlar va obunalar bobiga kirish lozim boʻladi, UzCard Pul oʻtkazmalari xizmatiga oʻtib quyidagilarni kiritish zarur:
• Oʻz kartangiz rekvizitlari – kartaning old tomonidagi 16 raqamli karta raqami, amal qilish muddati (oy va yil);
• Oluvchining karta raqami;
• Pul oʻtkazmasi summasi.
Oʻtkazma amalga oshirilganidan soʻng joʻnatuvchi OKdagi shaxsiy xabar orqali operatsiyaning muvaffaqiyatli oʻtganligi toʻgʻrisida bildirishnoma oladi. Agar pul oʻtkazmasini oluvchi shaxs oʻz bank kartasini ijtimoiy tarmoqdagi profiliga oldindan bogʻlagan boʻlsa, unda tizim uning akkauntini avtomatik ravishda tanib oladi va unga ham kartaga pul mablagʻlarining tushganligi haqida bildirishnoma yuboradi.
OK platformasida UzCard kartalari oʻrtasidagi pul oʻtkazmalari – Oʻzbekistondagi “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmogʻidagi toʻlov xizmatlarining rivojlanishiga qoʻyilgan ilk qadamdir. Kelgusi davrda OK tomonidan yana bir necha xizmatlarning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, bular oʻz navbatida oʻzbekistonliklarga qulay va tezkor holda pul mablagʻlarini oʻtkazish va toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini tugʻdiradi.
2016 yildan boshlab OK oʻz foydalanuvchilari uchun ijtimoiy tarmoq ichida ketma-ket ravishda moliyaviy xizmatlarni rivojlantirib kelmoqda. 2017 yilda Qozogʻistonda pul oʻtkazmalari xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda Rossiyadan boshqa davlatlarga pul oʻtkazmalarini joʻnatish ishga tushirilib, ilk marotaba chet el bozoriga chiqildi.
OʻzA