Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining ilm-fanning iqtisodiyot real sektoriga yoʻnaltirilgani va integratsiyasini taʼminlashning dolzarb vazifalari yuzasidan axborotlari eshitildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishning maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashga ilmiy izlanishlarni yoʻnaltirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Ilmiy-tadqiqot institutlari, banklar va investorlar uchun birgalikda ishlashning huquqiy asoslari yaratilgan. Qonun hujjatlarida intellektual mulk obyektlari mualliflari va biznes sektori vakillarini ragʻbatlantirishga qaratilgan qator yengilliklar va soliq imtiyozlari berish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni hayotga tatbiq qilish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 17 ilmiy-tadqiqot institutining tijoratlashtirish mumkin boʻlgan ishlanmalari namoyishi tashkil etilgan. Tahlillar 400 dan ortiq ilmiy ishlanmalardan 62 tasini ishlab chiqarishga joriy etish mumkinligini koʻrsatmoqda. Bu ishlanmalarni sanoatga joriy qilish va tijoratlashtirish uchun kamida 13 milliard soʻm, 16 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya talab qilinadi.

Ayni paytda 43 ishlanmani tijoratlashtirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Tijoratlashtirish ishlarini samarali boshlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining eng ilgʻor 10 ilmiy-tadqiqot instituti 3 yetakchi bankka biriktirilgan. Umumiy qiymati 80,3 milliard soʻm boʻlgan 16 ishlanma banklar tomonidan tanlab olingan. Bu loyihalarni amalga oshirishda intellektual mulk shaklida ilmiy-tadqiqot institutlari 14,5 milliard soʻm, banklar esa 58,5 milliard soʻm investitsiya bilan hamkorlik oʻrnatgan.

Loyihalarni tijoratlashtirishdan olinadigan yillik daromad 123 milliard soʻm boʻlib, ilmiy-tadqiqot institutlariga yiliga 25 milliard soʻm sof daromad tushirilishi rejalashtirilgan. Qator istiqbolli ishlanmalarning bozori banklar bilan hamkorlikda oʻrganib chiqilishi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 14 ilmiy tadqiqot muassasalari bazasida yaratilgan boʻlajak sarmoyadorlar uchun ilmiy ishlanmalardan eng istiqbolli 33 tasi aniqlangan.

Hududlarda innovatsion faollikni oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mos ilmiy ishlanmalar yaratishni yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududiy Innovatsion markazlar tashkil etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilayapti. Hozirda Qashqadaryo, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida shunday markaz qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Tadbirda muhokama etilgan masalalar borasida yechimini kutayotgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy yoʻnalishdagi dolzarb vazifalar ham mavjudligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, deputatlar fikricha, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini yakuniga yetkazish zarur. Yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirish, ilmiy ishlar natijalarini aniq maqsadlarga yoʻnaltirish, ishlanmalarni tijoratlashtirish yagona markazini tuzishning huquqiy asoslarini qabul qilish dolzarb boʻlib qolmoqda.

Taʼkidlanganidek, hududlarda innovatsiyaviy faollikni oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mos ilmiy ishlanmalar yaratishni yoʻlga qoʻyishda sovuqqonlik bilan qarash holatlari uchraydi. Masalan, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida markaz qurilishi uchun investorlarga yer ajratish va innovatsion markazlar barpo etish boʻyicha mahalliy hokimliklar tomonidan aniq amaliy choralar koʻrilmagan.

Yigʻilishda mutasaddi rahbarlarning axborotlari atroflicha muhokama etildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA