Samarali uchrashuvlar

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 13 sentyabr kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri M.Sato, adliya vaziri Y.Kamikava, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti N.Suzuki, “Mitsubishi” kompaniyasi katta maslahatchisi M.Sasaki bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Delegatsiyaning tashrifi doirasida Jahon banki ofisida Oʻzbekistonga bagʻishlangan investitsiya forumi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvlar va Kunchiqar yurt ishbilarmonlarida qiziqish uygʻotgan investitsiya forumida Yaponiya vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan tanishtirildi. Harakatlar strategiyasi doirasida koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar tufayli davlat organlari faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshdi, aholi murojaatlari bilan ishlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti ancha yaxshilandi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlik mustahkamlanishi kuzatilmoqda.

Yaponiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, savdo rejimini soddalashtirish, turizmni rivojlantirish uchun eng qulay shart-sharoit yaratish borasidagi oʻzgarishlarni maʼqulladi. Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari oʻz chiqishlarida iqtisodiyot, bank-moliya tizimini erkinlashtirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga yuksak baho berdi.

Yaponiya rasmiy va ishbilarmon doiralari Oʻzbekistondagi islohotlarga koʻmaklashishga, mamlakatimiz bozorida yuqori texnologik va oʻzaro foydali loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Qayd etilganidek, Tokioda oʻtkazilgan muzokaralar natijalari mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida katta ahamiyatga ega. Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligi strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan uzviy va ildam aloqalarning yangi bosqichiga oʻtish davrida turibdi.

 

OʻzA