Yadro fizikasi sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda

Mamlakatimizda “Katta adron kollayderida fizika” XX anʼanaviy anjumani oʻz ishini boshladi. Unda AQSH, Fransiya, Italiya, Germaniya, Shveysariya, Hindiston, Rossiya, Ukraina va Belarus Respublikasidan 60 dan ortiq olimlar hamda yurtimiz ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlarining yadro va elementar zarrachalar fizikasi sohasidagi mutaxassislar ishtirok etadi. Anjuman bir paytning oʻzida Toshkent va Samarqand shahrida oʻtkaziladi.
Xalqaro anjuman elementar zarrachalar fizikasi va yadro texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va yutuqlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilmoqda. Unda ishtirokchilar sohada olib borilgan soʻnggi tadqiqotlarni muhokama qilish, turli mamlakatlarning yetakchi olim va mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, mamlakatimiz olimlarini yirik xalqaro loyihalarga keng jalb qilish imkoniga ega boʻladi.
2.JPG
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Viktor MATVЕYEV, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti direktori, akademik (Rossiya):
– Bu yilgi anjuman dasturi keng qamrovli boʻlib, unda barcha ishtirokchilarning RDMS CMS kollaboratsiyasi sohasidagi maʼruzalari taqdim etiladi, Katta adron kollayderida amalga oshirilgan tajriba tadqiqotlari natijalari sarhisob qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olinadi. Shuningdek, Katta adron kollayderi detektorini modernizatsiya qilish masalasi ham koʻrib chiqiladi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrif uyushtiriladi. Tashrif davomida institutda olib borilayotgan izlanishlar va taraqqiyot dasturlari bilan tanishish koʻzda tutilgan.
Anjuman sessiyalaridan biri Samarqand davlat universitetida boʻlib oʻtadi. Bunda oliygoh talabalari mazkur anjuman taqdim etadigan xalqaro dasturlarda qatnashish imkoniga ega boʻladi. Taʼkidlash joizki, Katta adron kollayderida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarda oʻzbek olimlari ham faol ishtirok etib, zamonaviy yadro va elementar zarrachalar fizikasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda.
15.JPG
Elvira IBRAGIMOVA, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining yetakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori (Oʻzbekiston):
– Boʻlimimizda radiatsion materialshunoslik sohasidagi ilmiy ishlar olib boriladi. Bu yerda barcha oʻlchanadigan nurlanishlarni qayd etib boradigan turli detektorlarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Shu bois mutaxassislarimiz CMSda oʻrnatilgan yangi avlod detektorlarini sinovdan oʻtkazishdan iborat RDMS CMS koloraboratsiyasida ishtirok etmoqda. Yadro fizikasi sohasidagi barcha qurilmalarning toʻliq toʻplamiga ega boʻlgan institutimizda yuqori va past energiyali neytronlar oqimi, gamma-nurlanish, proton tutamlari va roʻyxatga olish mumkin boʻlgan boshqa turdagi nurlanishlar taʼsiridagi yangi detektorlar sinovdan oʻtkazildi. Plastik detektorlar nurlanishga bevosita yaqinlikda joylashishi va maʼlumotlarni aniq uzatishga qodirligi aniqlandi. Shuningdek, detektor signalining kuchsizlanish vaqtini aniqlashga ham erishildi. Tadqiqot natijalari asosida CMSning barcha multidetektor tizimlarining ish unumdorligi prognozi yaratildi.
Andreas UEYLЕR, Myunxen Texnika universiteti professori (Germaniya):
– RDMS CMS – Katta adron kollayderida amalga oshirilayotgan eng yirik va istiqbolli loyihalardan biridir. Loyiha tufayli muhim ilmiy natijalarga erishildi, maxsus fizik hodisalar turkumini chuqur oʻrganish va qator ilmiy farazlarni tekshirish imkoni paydo boʻldi. Kollaboratsiyaga moʻljallangan ushbu loyiha turli mamlakatlardagi mutaxassislar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga yordam beradi. Mazkur loyiha doirasida hamkasblar bilan fikr almashish va kelgusi tadqiqotlarni muhokama qilish maqsadida Oʻzbekistonda yigʻildik. Bu yangi gʻoya va loyihalarning paydo boʻlishi uchun bilimlarimiz va tajribamizni umumlashtirish imkonini beradi. Bu imkoniyat Katta adron kollayderini modernizatsiyalash jarayonida, ayniqsa, dolzarb sanaladi. Ilgʻor uskuna va detekorlar koʻz ilgʻamas hodisalarni aniqlash, yaqin 5-10 yil ichida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ilmiy kashfiyotlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

 

Roman Bondarchuk yozib oldi, Oqil Gʻulomov (surat) OʻzA