Prezidentlar koʻrgazmaga tashrif buyurdi

“Oʻzekspomarkaz”da Belarus Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi ochildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko ushbu koʻrgazmaga tashrif buyurdi.

Koʻrgazmada 150 dan ortiq korxona oʻz mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Ular Belarusning qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, metallurgiya, kimyo sanoati, maishiy texnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalardagi yutuqlarini namoyish etmoqda.

Aleksandr Lukashenko Prezidentimizga mazkur sohalardagi imkoniyatlar, korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida soʻzlab berdi.

bb9b9527-0cf5-261d-389a-2fe2f4f8a1c3.jpg

Shavkat Mirziyoyev belaruslik ishbilarmonlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat korxonalari va hududlar oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Davlat rahbarlari yuqori texnologiyalar sohasida, jumladan, ikki mamlakatning innovatsion markazlari va texnoparklari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xaridorgir tovarlarni birgalikda ishlab chiqarish muhimligini taʼkidladi.

Pavilonlardan birida mamlakatimiz meva-sabzavotlari va qayta ishlangan oziq-ovqat tovarlari namoyish qilindi. Ularning tabiiyligi, mazali va sifatliligi belaruslik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, ishbilarmonlarda hamkorlik istagini uygʻotdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.