Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Belarus Prezidenti Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qoʻydi.
Aleksandr Lukashenko ushbu muhtasham maydon Oʻzbekistonning tinchliksevar siyosatini, xalqimizning bunyodkorlik va farovonlik yoʻlidagi ezgu intilishlarini aks ettiruvchi noyob majmua ekanini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng oliy martabali mehmon Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qoʻyib, Buyuk Yoʻlboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 13 sentyabrga moʻljallangan.
Avval xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtadigan muzokaralarida Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka doir keng koʻlamli masalalarni muhokama qilish, siyosiy muloqotni, savdo-iqtisodiy, investitsiya, fan va taʼlim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti, Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali doʻstona aloqalarga yangi surʼat bagʻishlashga qaratilgan salmoqli davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar va boshqa hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Tashrif dasturidan Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodidagi “Amkodor-Agrotexmash” qoʻshma korxonasining ochilish marosimi, “Belarusda ishlab chiqarilgan” milliy koʻrgazmasi, shuningdek, atoqli belarus adibi Yakub Kolas xotirasiga atab bunyod etilgan yodgorlikni ziyorat qilish va boshqa tadbirlar oʻrin olgan.