Oʻzimizni oʻzimiz aldamaylik

Muqaddam mavjud baholash tizimidan farqli oʻlaroq, oliy oʻquv yurtiga kirish uchun test sinov usulini joriy etishda unga oʻqishga layoqatli, ilmga intiluvchan, haqiqiy tirishqoq yoshlarni tanlashning samarali vositasi deb qaraldi. Amalda-chi?
U qator yillar mobaynida bilimi va oʻzlashtirish qobiliyati haminqadar boʻlgan bolalarni talabalar safiga kiritish quroli boʻlib keldi. Albatta, test haqidagi tasavvurlar koʻp oʻtmay tarqadi, uning “taʼmirtalab“ tomonlari tezda koʻzga tashlanib qoldi, biroq uning joriy etilishiga tashabbuskor boʻlgan kishilar mansab va vakolatlaridan foydalanib har qanday eʼtirozga eʼtiborsizlik muhitini yaratdilar. Uning himoyasini taʼminladilar. Bu usulning muqim turib qolishi uchun bundan manfaatdor boʻlgan guruhlar ham, kezi kelganda testga tasannolar aytib turishdi. Garchi u na taʼlimni va na boshqa bir sohani haqqoniy ravishda oyoqqa turgʻaza olmagan boʻlsa-da, oʻzi qulamay hali-hanuz oyoqda turgani shundan.
Aytish joizki, test tufayli jamiyatda jinoyat turi yana bittaga oshdi: “test tovlamachilari” paydo boʻldi. Oʻzlarini “parovoz” deb atagan bu “qavm“ kallasi boʻm-boʻsh “vagon”ga oʻxshash abituriyentlarni sinovdan oʻtkazib qoʻyib, evaziga moʻmaygina daromad topishni kasb qildilar. Oliy oʻquv dargohida esa, “parovoz“dan uzilib qolgan buning kabi qup-quruq “vagon”lar haqiqiy boshogʻriqqa aylandi: oʻqish sifati, oʻzlashtirish darajasi pasaydi. Xalqaro olimpiadalarga ishtirok etadigan munosib talabani topish mushkul boʻlib qoldi. Allaqayoqdan transplantatsiya qilib kelingan soxta demokratik tamoyillar talabalarni taltaytirib yubordi. Bu domlalarni ham anchayin tanballashtirdi. Ilgari fanlardan ikkita qarzi boʻlgan talabaning talabalar safidan chiqarilishi belgilab qoʻyilgan edi. Bola oʻqirdi, biror-bir fandan qarzdor boʻlib qolmaslikka tirishardi. Buning oʻrniga biz nimani tatbiq etdik? Hozir sessiyadagi hamma (8-12) fanlardan ham qoniqarsiz baho olganlarga bir oy muhlat beramiz. Goʻyo talaba toʻrt oy mobaynida qilmagan ishini bir oyda qilib ulguradigandek. Tovba, deysan: “Yeb toʻymagan – yalab toʻyarkanmi?”
Xullas, bu bir oylik muddat talabaga qarzini yopish uchun qingʻir yoʻllar axtarishga asqatadi: kimdir kimnidir oʻrtaga soladi, kimningdir shunchaki omadi chopadi, kimdir domlaning “koʻnglini topadi“…
Koʻrib turibsizki, korrupsiyaga yoʻl ochilyapti: domla sunʼiy ravishda poraga jalb etilyapti. Bu esa bora-bora barchamizni birdek maʼnaviy tanazzulga tortadi. Oʻqituvchi bilimsiz bolalarning talabalar safiga kelishidan manfaatdorlik his qila boshlaydi. Sababi, jamiyatda “oʻqishga kirgan talaba uni bitirishi shart” degan qarash shakllangan. Bolaning layoqatsizligi uchun biror-bir chora qoʻllay olmagan oʻquv dargohi, uning ana shu layoqatsizligi bilan murosa qilib yashashga majbur.
Qarabsizki, oʻqish yoʻq, saviya haminqadar, ammo qogʻozda oʻzlashtirish risoladagidek. Savol tugʻiladi: kimni aldayapmiz? Oʻzimizni oʻzimiz emasmi? Axir biz oʻqitayotgan talabaning oʻzlashtirish darajasi bugun oliy oʻquv yurtining nufuzini tushirib turgan boʻlsa, ertaga mutaxassis sifatida u ishlab chiqarishga borib, iqtisodiyotni koʻtarishiga kim kafil? Kafilligi boʻlmasa ham, “kap”ini berib ishga ilashadi. Oʻqishga qanday yoʻl bilan kirgan boʻlsa, ishga ham shu taxlit joylashadi. Eng achinarlisi, u munosib bir mutaxassis oʻtirsa, iqtisodiy samara berishi mumkin boʻlgan bir joyni band qiladi. Undan ham yomoni – oʻzidan kuchliroq kadrni oʻzidan toʻrga oʻtishiga yoʻl bermay, toʻsqinlik qiladi.
Mamlakatimiz aholisining mustaqillikka erishib ham mashaqqatli hayotga mahkum boʻlib qolayotganining sabablaridan biri shu emasmi? Jahonning rivojlangan ilgʻor mamlakatlari bilan boʻylashish uchun mamlakatda yalpi ishlab chiqarish mahsulotlari jon boshiga falon foiz (davlatimiz rahbari ham bu fikrni bot-bot takrorlaydilar), degan soxta raqamlar emas, aholining turmush darajasi asosiy mezon aslida. Qolaversa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligi haqida gapiradigan boʻlsak, masala yana ham chuqurlashadi. Bu jihatdan maqtanib, koʻkrakka musht urishga hali haqli emasmiz. Sababi, biz oqibat haqida soʻzlashga odatlanganmiz. Oqibat esa sababning mahsuli ekani haqida bosh qotirmay qoʻyganmiz. Basharti, birinchi navbatda tafakkurga tovuqning tuxumicha ozuqa bermaydigan kelajak haqida soxta, dabdabali shiorlardan voz kechishimiz lozim. Balandparvoz chaqiriqlar, xususan “dunyodagi barcha yoʻllar Rimga olib boradi” degannamo kalondimogʻliklar, “Oriylar jamiyati” yoki “kommunizm” gʻoyasi oxir-oqibat puch ekanini tajribadan oʻtkazib boʻldik.
Shu jihatdan olib qaraganda, taraqqiyotga bevosita aloqador boʻlgan tarmoqlardan biri oliy taʼlim tizimidir. Binobarin, sohaga doir qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish zarurati bor.
Oʻzbekistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va aholi mentaliteti, oliy taʼlim muassasasini toʻlaligicha qabul jarayonidan xalos etishni taqozo etadi. Hatto hujjat qabul qilish, oliy taʼlim muassasasi oʻqituvchilarining test nazoratchilari sifatida ishtiroki ham nooʻrin. Nazarimda, keyingi 15-20 yilda oʻqituvchilarni tamaʼgirlikka, talabalarni esa yalqovlik va boqimandalikka berilishiga ayrim nomukammal qonun va qoidalar, nizomlar sabab boʻldi.
Abituriyentlarning hujjat topshirish jarayonini esa internet orqali bemalol bajarsa boʻladi. Ushbu tajribaning naqadar samaradorligini joriy yilda Yuridik universitet misolida koʻrdik. Axborot almashish, maʼlumotlar olish yoki berishda hozirda internetdan qulayi yoʻq. Nega endi mana shu qulaylikni test jarayonlariga tatbiq qilishimiz mumkin emas?
Abituriyentlarni test sinovlari boʻlib oʻtadigan povilonlarga oʻtkazishda barmoq yostiqchalarini tekshirish usuli joriy qilinsa, ham qulay ham ishonchli boʻladi. Birovning oʻrniga boshqa birovning suqilib kirishiga tamoman barham beramiz. Amaldagi qonun-qoidalarga rioya etmay, bila turib tartibga xilof ravishda imtihon joyiga taqiqlangan vositalarni olib kirishga boʻlgan har qanday urinish qonunni buzish darajasida baholanmogʻi darkor. Basharti, har bir fuqaro qonunning har bir harfiga itoatda boʻlmogʻi shart! Yoshlarimizda ana shu tuygʻuni tarkib toptirishimiz lozim. Xitoyda, bunday holda tartibbuzarga maʼmuriy chora koʻriladi: u umrbod oliy maʼlumot olish huquqidan mahrum etiladi. Toʻgʻri-da, katta hayot ostonasida ilk qadamini shunday qingʻir tashlagan kishi, diplom olgach, qanday odim otishini tasavvur qilavering!
Quvontiradigan tomoni shundaki, joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishning adolatli yoʻli tanlandi. 1-15 avgust kunlari test boʻlib oʻtdi hamda sinov javoblari bir kundan keyin eʼlon qilinib borildi. Natijada oʻziga ishongan, bilimi bor oʻgʻil-qizlarimiz talabalik baxtiga muyassar boʻldi. Demak, shunday yoʻl tutsa boʻlar ekan.
Har birimiz yurtimiz nurafshon, xalqimiz farovon yashashini istaymiz. Chunki oʻzimiz ham shu xalqning bir boʻlagimiz. Umummanfaat zamirida bizning ham manfaatlarimiz mavjud. Bu yurt bizdan bolalarimizga, nabiralarimizga meros boʻlib oʻtadi. Shunday ekan, uning taqdiriga befarq boʻla olmaymiz, ertasi yorugʻ boʻlishiga masʼulmiz.
Fozil Tilovatov,
Samarqand davlat universiteti
matbuot kotibi

 

O`zA