TЕNNIS. Qozogʻistonning Olmaota shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan erkaklar oʻrtasida “Almaty Open“ turniri boshlandi.

Musobaqada asosiy toʻr bahslarining qurʼa natijasiga koʻra, ikki tennischimiz – Saidaʼlo Saidkarimov va Pavel Soy birinchi davrada oʻzaro kuch sinashdi. Unda Saidaʼlo 6:1, 6:4 hisobida gʻalaba qozondi. Mazkur bosqichda hamyurtimiz Sharobiddin Abzalov raqibiga hisobni boy berib qoʻydi.

11 sentyabr kuni asosiy toʻr bahslarining birinchi davrasida umidli sportchimiz Sanʼatullo Qutiboyev qozogʻistonlik Temur Maulenovga qarshi kortga chiqadi.

ATLЕTIKA. Chexiyaning Ostrava shahrida yengil atletika boʻyicha jahonning eng kuchli sportchilari ishtirokida qitʼalararo kubok musobaqasi oʻtkazildi.

Unda qitʼamiz sharafini hamyurtlarimiz – Osiyo oʻyinlari gʻolibi va sovrindori Svetlana Radzivil hamda Ruslan Qurbonov himoya qildi.

Balandlikka sakrash boʻyicha ayollar oʻrtasidagi bahslarda Svetlana Radzivil 1,95 metr balandlikni zabt etib, kumush medalga sazovor boʻldi. Uch xatlab sakrashda Ruslan Qurbonov 16,34 metr natija bilan oltinchi oʻrinni egalladi.

FUTBOL. Oʻzbekiston Superligasining hal qiluvchi ikkinchi bosqich uchrashuvlari 13 sentyabr kuni start oladi. 23-tur doirasidan oʻrin olgan uchrashuvlar 3 kun davomida oʻtkaziladi.

Ikkinchi bosqichning ilk uchrashuvini “Qoʻqon-1912” va “Nasaf” jamoalari boshlab beradi. Shu kuni “Soʻgʻdiyona” klubi “Qizilqum”ni oʻz maydonida qabul qiladi.

14 sentyabr kuni “Metallurg” – “Lokomotiv”, “Navbahor” – “Paxtakor” klublari uchrashadi. Turning soʻnggi oʻyini 15 sentyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda “AGMK” – “Neftchi”, “Bunyodkor” – “Buxoro” jamoalari maydonga tushadi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA