Oʻzbekiston yana bir yirik anjumanga tayyorgarlik koʻrmoqda

Joriy yilning 20-21-sentyabr kunlari poytaxtimizda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.
Mazkur konferensiya, avvalo, Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini rivojlantirishga oid qoʻshma saʼy-harakatlarni muhokama qilish va bu boradagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan.
Konferensiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarini qiziqtirgan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, xalqaro moliyaviy tuzilmalar bilan hamkorlikka qaratilgan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport-tranzit salohiyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan masalalar muhokama qilinadi.
Konferensiyada 45 mamlakatdan 200 dan ortiq mehmon, 25 xalqaro tashkilot, moliya institutlari va yetakchi transport kompaniyalari ishtirok etadi.
Jumladan, Jahon banki, OTB, ITB, YETTB, OIIB, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi, YEXHT, GXHJ, SHHT, IHT, MDH, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi, TRASЕKA dasturi, Xalqaro avtomobil transporti uyushmasi, Temir yoʻllar hamkorligi tashkiloti va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyati haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishni istasangiz www.uza.uzni kuzatib boring. Xalqaro konferensiya tafsilotlari saytimizda keng yoritiladi.

 

Davron Sunnatov, OʻzA