2018-yilning 10-11-sentyabr kunlari Toshkentdagi “Radisson BLU Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekistondagi “Esri“ foydalanuvchilarining birinchi konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Konferensiya tashkilotchilari: “Esri“ – geoaxborot tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha dunyoning yetakchi kompaniyasi, “Esri CIS – Esri“ kompaniyasining Rossiyadagi rasmiy distribyutori, “DATA+“ va “GIS SERVICE“ kompaniyasi – “Esri CIS“ning Oʻzbekistondagi vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining ushbu sohada faoliyat koʻrsatayotgan tegishli mutaxassislari va rahbarlari, GAT (geoaxborot tizimlari) va AT boʻyicha menejerlari, Oʻzbekiston va Rossiyaning ushbu soha boʻyicha ekspertlari ishtirok etmoqdalar.
Konferensiyani “Nick Land“ (Esri) ochib berdi, shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sherzod Xayrullayev ishtirokchilarni tabrik soʻzlari bilan qutladi.
Konferensiyada geoaxborot tizimlariga oid zamonaviy tendensiyalar hamda “Esri“ kompaniyasining tabiiy resurslarni boshqarish boʻyicha geoaxborot tizimlari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonning fazoviy koʻrsatkichlar infratuzilmasini yaratish bilan bogʻliq amaliy va nazariy masalalar koʻrib chiqildi.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi
matbuot xizmati
OʻzA