Xitoy delegatsiyasi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazida boʻldi

Epchillik, uddaburonlik, mehnatsevarlik, oilaparvarlik. Oʻzbek va xitoy xotin-qizlarining tabiatidagi oʻzaro oʻxshash jihatlar shu kabi fazilatlarda yaqqol namoyon boʻladiYurtimizda mehmon boʻlib turgan Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay ayollar federatsiyasi vitse-prezidenti Lyu Si xonim boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bunga yana bir karra ishonch hosil qilmoqda.
Lyu Si xonim boshchiligidagi delegatsiya vakillari “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazida boʻldi.
Markaz direktori D.Toshmuhamedova mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda oila, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Yurtimizda yaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi, mukammmal tizim xalqaro meʼyor va talablarga hamohang tarzda oilalar mustahkamligi, farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu yoʻnalishda tegishli vazirlik va idoralar bilan birga mahalla, xotin-qizlar qoʻmitasi kabi jamoat tuzilmalari ham munosib ishtirokchidir.
Davlat rahbarining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosidaOʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining faoliyati zamon ruhiga monand yoʻlga qoʻyildi.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oilalarda reproduktiv salomatlik, demografik rivojlanishni, farovonlik va xotirjamlikni oshirish kabi masalalarni oʻrganish, boy madaniy-tarixiy meros va oilaviy muammolar boʻyicha fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajrimlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Delegatsiya vakillari “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasiga ham tashrif buyurdi. Uchrashuv chogʻida mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Yurtimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning huquqiy, iqtisodiy bilimlarini yuksaltirishga koʻmaklashish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda oʻz biznesini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyib, oilasi, jamiyatga naf keltirayotgan ishbilarmon opa-singillarimiz koʻpchilikni tashkil etadi.
Delegatsiya aʼzolarida yurtimizda oilalar, xotin-qizlarni kuchli ijtimoiy himoyalash, xotin-qizlar tadbirkorligini ravnaq toptirish borasidagi amaliy ishlar katta taassurot qoldirdi.
– Oʻzbekistonga safarimiz davomida yurtingizdagi ayollarga koʻrsatilayotgan eʼtiborni teran his etdik, – deydiShanxay ayollar federatsiyasi vitse-prezidenti Lyu Si. – Oila masalalariga bagʻishlangan turli xalqaro kongress va konferensiyalarga oʻzbekistonlik hamkasblarimizni ham taklif etish niyatidamiz.
Mehmonlar Toshkent shahridagi diqqatga sazovor maskanlarni koʻzdan kechirdi.

 

N.Usmonova, OʻzA