Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani koʻtarinki ruhda davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan xonandayu sozandalar, sanʼatshunos olimlar, mutaxassislar ishtirok etmoqda. OʻzA muxbiri anjumanning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
Xose Luis Izaguirre, jurnalist (Ispaniya):– Oʻzbekistonda ilk bor boʻlishimga qaramay, taassurotlarim bir dunyo. Qadimiy shaharda saqlanib qolgan qadimiy obidalar, yodgorliklar xalqingiz tarixi uzoq asrlarga borib taqalishidan darak beradi. Mamlakatingizda sanʼatning anʼanaviy turlariga alohida eʼtibor bilan qaralishi tahsinga loyiq. Xususan, anjumanning ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etilgani ham fikrimga misol boʻla oladi. Tadbirning koʻtarinki ruhda oʻtishi uchun barcha zarur tayyorgarlik koʻrilgan. Ispaniyada ham mumtoz sanʼat turlari, ashula va boshqa anʼanalar bilan bogʻliq festivallar oʻtkaziladi. Kelgusida bu kabi anʼanalarni hamkorlikda davom ettirish, tajriba almashish xalqlarimizni maʼnaviy yaqinlikda, ezgu orzu-intilishlar ruhida birlashtirishiga ishonaman.
Abduvali Abdurashidov, Tojikiston xalq artisti:
– Shashmaqom oʻzbek-tojik xalqlarining mumtoz musiqiy merosi hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda mumtoz sanʼatlar, ayniqsa, maqom sanʼatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bugun Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkazilmoqda. Dunyoning qator davlatlaridan ijodkorlar, mumtoz qoʻshiq ixlosmandlari, sanʼatshunos olimlar tashrif buyurgan. Bularning bari maqom sanʼatining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Muhtasham Oqsaroy maydonida maqom sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ustozlar ijro etgan ashulalardan bahramand boʻldik. Aytish mumkinki, Xalqaro maqom sanʼati anjumani misolida ustozlar orzusi, ularning avlodlar maʼnaviy kamoloti yoʻlidagi ezgu intilishlari roʻyobga chiqmoqda.
Magdalina Valdivia, sanʼatshunos (Meksika):
– Sharq xalqlarining mumtoz sanʼatiga qiziqishim baland. Shu bois, festivalda ishtirok etishga qaror qildim. Ellarni tillar emas, kuy birlashtiradi, deganlari rost. Buni maqom misolida his qilmoqdaman. Undagi har bir ashula va musiqada oʻziga xos noyob ohang, kishiga ruhiy quvvat beruvchi kuch mujassam. Garchi soʻzlarining maʼnosini tushunmasang-da, kuydagi ohang qalbni larzaga soladi. Tinglash mobaynida kayfiyatingda baʼzan hazinlik, goho joʻshqinlik sezasan. Shuning uchun ushbu sanʼatni samolarga parvoz qiluvchi qushga, tinchlik elchisiga qiyoslashar ekan.