Buxoro – yuraklardan joy olgan shahar

Misr Arab Respublikasining bir guruh olimlaridan iborat delegatsiya 5-6 sentyabr kunlari Buxoro shahrida boʻldi.

Qohiradagi oliy oʻquv yurtlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrifni Kogon tumanining Qasri Orifon qishlogʻidagi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi va bu yerda faoliyat yuritayotgan Mir Arab oliy madrasasi bilan tanishishdan boshladi.

Mehmonlarga Buxoroning boy tarixi, islom tamaddunida tutgan oʻrni, bu zamindan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar hayoti haqida soʻzlab berildi.

Buxoro boʻylab ziyorat safari Abu Hafs Kabir al-Buxoriy maqbarasi, Mir Arab va Joʻybori Kalon oʻrta maxsus islom bilim yurtlari, shuningdek, Poyi Kalon majmuasi kabi meʼmoriy yodgorliklar bilan tanishish asnosida davom etdi.

Misr delegatsiyasi aʼzolari bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, sof islom maʼrifatini targʻib qilish, buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

– Oʻzbekistonning koʻpgina shaharlari, jumladan, Buxoro menga yaxshi tanish, – deydi Qohira universitetining meʼmorchilik kafedrasi professori Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq. – Bu zaminda koʻplab fundamental fanlar rivojiga va islom madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ zotlar kamol topgan. Safarimiz davomida Buxoroning keyingi ming yillik tarixiga mansub meʼmoriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlganimdan xursandman. Ulardagi naqshlarning birortasi biri-birini takrorlamasligidan hayratga tushdim. Taassurotlarim va ilmiy xulosalarim haqida mamlakatingiz tarixiga bagʻishlangan navbatdagi kitobimda ham alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Misr delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, bir qator taʼlim muassasalarida boʻlib, barkamol avlod kamoloti yoʻlida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, taʼlimda joriy etilayotgan zamonaviy ishlanmalar bilan tanishdi.

 

Erkin Yodgorov, OʻzA