Toshkent shahri koʻchalaridagi yoʻlak yoritish ustunlarini LED chiroqlari oʻrnatilgan zamonaviy ustunlarga almashtirish taklif etilmoqda.
Ushbu loyiha Toshkent qiyofasiga oʻzgartirish kiritish va albatta, daromad olish maqsadida “QFI Media” xususiy korxonasi tomonidan taklif etilgan. Kompaniya vakilining maʼlumot berishicha loyihaning umumiy qiymati 1 mln. AQSH dollari boʻlib, yillik tovar aylanmasi 380-500 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihaga koʻra, shaharda LED yoritgichli zamonaviy koʻrinishdagi ustunlar oʻrnatilib, uning oʻng qismida koʻcha nomi va chap taraf monitorida reklama joylashtirilishi koʻzlangan. Yaʼni korxona reklama bilan birga, shaharning yoritilishiga ham hissa qoʻshadi.
Shuningdek, kompaniya umumiy reklama joyining 14 foizini ijtimoiy reklamalarga ajratishni koʻzlagan. Yangi korxonada 30 ta ish oʻrinlari ajratilishi kutilmoqda.
Ushbu loyiha bugun, Toshkent shahar hokimiyatida oʻtgan ochiq eshiklar kunida taklif etildi. Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tuzilgan komissiya ushbu loyihani qoʻllashga ruxsat bersa, joriy yilning oktyabr oylaridan koʻchalardagi ayrim yoʻlaklar LED chiroqlari bilan yoritiladi.
OʻzA