Yangi imkoniyatlar, muloqotlar maydoni

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimligida navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” oʻz ishini boshladi.
Tadbirning ilk kunida Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridan tashrif buyurgan mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxoʻjayev bu loyihalar, avvalo, xalqimizga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.
Mazkur loyihalarda ijtimoiy soha obyektlari, xususan, zamonaviy mehmonxonalar, savdo va koʻngilochar maskanlari, koʻp qavatli avtoturargohlar, yangi uy-joylar barpo etish koʻzda tutilgan.
Uchrashuvda 55 ming 790 yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan 47 loyiha taqdim etildi.
“Ochiq eshiklar kuni” 7-8 sentyabr kunlari ham davom etadi. Unda poytaxt tumanlaridan barcha investorlar ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

N.Usmonova, OʻzA