Endilikda Tojikistonda davlat amaldorlari oʻz daromadlari va mol-mulklarni yashiradigan boʻlsa, egallab turgan mansablaridan ayriladi.
Hukumat tomonidan parlamentga taqdim qilingan taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Bundan keyin amaldorlar daromad va mol-mulklari borasida nafaqat soliq qoʻmitasiga, balki rahbariyatga ham hisobot berib turadilar.
Tojikiston parlamenti matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, qonunga kiritilgan yangi qoʻshimchalar Davlat xizmatchilarining daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya shaffofligini taʼminlaydi. Davlat xizmatchilari oʻzlarining daromadlari — koʻchadigan va koʻchmaydigan mulklari, bank hisoblari, qimmatbaho qogʻozlari, 25 ming somonidan yuqori boʻlgan kreditlari va oila aʼzolarining mulklari haqida toʻla maʼlumot berishga majbur. Agar davlat xizmatchisi notoʻgʻri yoki toʻla boʻlmagan maʼlumot taqdim qilgudek boʻlsa, ishdan boʻshatiladi.