Yevropa xalq partiyasining Germaniyadagi fraksiyasi aʻzolaridan tashkil topgan bir guruh mehmonlar Fargʻona viloyatida boʻldi.
Oʻzbekiston va Yevropa munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar jarayoniga Yevropa Ittifoqining tajribasi va moliyaviy-texnik koʻmagini jalb etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yevropa xalq partiyasining Germaniyadagi fraksiyasi aʻzolaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi ham ana shu hamkorlikning amaldagi samarasidir.
Mehmonlarni viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Akmal Ortiqov qabul qildi. Viloyatda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, xalqimiz farovonligini taʻminlashda davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib berdi.
Delegatsiya aʻzolari Fargʻona viloyati Quva tumanidagi “Fargʻona anorchilik” masʻuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma faoliyati bilan tanishdi. Yaqinda barpo etilgan “Fargʻona anorchilik” korxonasi 300 gektardan ortiq maydonni egallagan. Ushbu agrofirma anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan. Ayni paytda 289 gektar yerga 15 navga yaqin 272 ming tupdan ziyod anor koʻchatlari ekilgan.
Mehmonlar shu kuni Fargʻona shahrida barpo etilgan Teatr va konsert, Suv sporti saroylarida boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, uning faoliyati, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilayotganligi haqidagi maʻlumotlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Margʻilon shahridagi “Narimteks” masʻuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishuv ham samarali boʻldi.
Mazkur korxona ayollar kiyim-kechaklari tikishga ixtisoslashgan. Bu yerda koʻylak, kostyum, kamzul, palto, kurtka kabi 20 turdan ortiq mahsulotning 1000 ga yaqin modeli ishlab chiqarilmoqda.
“Yodgorlik” masʻuliyati cheklangan jamiyatida ipakdan toʻqilayotgan gilam, adras, atlas va boshqa matolarning yuqori sifati va oʻziga xos dizayni, xorijga eksport qilinayotgan “Lola”, “Tonggi yulduz”, “Xosiyatxon”, “Qaldirgʻoch”, “Quyosh”, “Yetti togʻ chechagi”, “Koʻngil ogʻochi” nusxali gilamlar delegatsiya aʻzolariga manzur boʻldi.
Mamlakatimizda taʻlim, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, milliy hunarmandlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, qulay investitsiya muhiti mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
M.Sulaymonov, OʻzA