“Mening Toshkentim” tanlovi gʻoliblari aniqlandi

Toshkent shahar hokimligida Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida “MЕNING TOSHKЕNTIM” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Shahar hokimligi masʻullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va tanlov sovrindorlari ishtirok etgan tadbirda jamiyatda aholining ijtimoiy faolligini oshirish, bugungi boʻlayotgan oʻzgarishlarda ishtirok etishini taʻminlash muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʻkidlandi.
Toshkent – yurtimiz koʻrku tarovati, mamlakatimizning koʻp yillik taraqqiyotni oʻzida mujassam etgan azim poytaxt shahardir. Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shahar oʻzining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, zamonaviy qiyofaga kirdi. Milliy meʻmorlik anʻanalari va zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan turar joylar, ijtimoiy obyektlar, yoʻl va koʻpriklar, soʻlim bogʻu xiyobonlar shahar ahli va mehmonlariga qulay sharoit yaratmoqda.
8.jpg
Joriy yilning iyul oyida eʻlon qilingan tanlovning asosiy maqsadi poytaxt aholisining ona shahriga boʻlgan muhabbatni yanada oshirish, faxr va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish, bugungi bunyodkorlik hamda keng qamrovli oʻzgarishlarni koʻrsatishdan iboratdir. Tanlovda qatnashgan professional va havaskorlar oʻzining 400 dan ortiq ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Hakamlar hayʻati aʻzolari tomonidan gʻolib va sovrindorlarni tanlashda ishtirokchilarning mavzuga yondashuvi, ijodiy mahoratiga alohida eʻtibor qaratildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, “Kreativ surat” naminatsiyasida S.Saidova, “Eng yaxshi surat” naminatsiyasida A.Kixayeva,Toshkent haqida “Eng yaxshi maqola” naminatsiyasida S.Yakupov, “Eng yaxshi panorama” yoʻnalishi boʻyicha Z.Gʻafforov, men va mening shahrim mavzusidagi “Eng yaxshi selfi” naminatsiyasida esa A.Kalashnikovalar gʻolib boʻldi.
16.jpg
– Asli Qozogʻistonning Almati shahrida tugʻilgan boʻlsam ham ota-bobolarim toshkentlik edi, – deydi tanlovning “Eng yaxshi maqola” naminatsiyasi gʻolibi Saurjan Yakupov. – Oilamiz 1968 yilda Toshkent shahriga koʻchib keldi. Mening bolaligim, butun hayotim manashu jonajon goʻsha bilan bogʻlandi. Shu kungacha poytaxtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarni gʻuvohi boʻlib, oʻzim ham koʻp qatori jamiyatimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qilmoqdaman. Maqolamda oddiy faqaro sifatida shu kabi koʻplab masalalarni yoritishga harakat qildim.
Tadbirda tanlovga taqdim etilgan eng yaxshi fotosuratlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Tashkilotchilar tomonidan gʻolib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

Abdulaziz Musayev, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA