Tashkent City ilk bor “Scorpion” trillerida namoyish etiladi

Rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan “Scorpion” filmi taqdimoti 2018-yilning kuzida Toshkentdagi “Prologue” xalqaro kinofestivali doirasida boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi axborot xizmatining xabariga koʻra, syujet boʻyicha filmdagi voqealar 2021-yilda innovatsion gigant qurilishi tugallangan vaqtda sodir boʻladi. Shuning uchun ham ijodiy guruh tomonidan Tashkent City direksiyasi bilan hamkorlikda 3D texnologiyadan foydalangan holda, ekranda ishbilarmonlar markazining koʻchalari va prospektlarini aks ettirishga qaror qilindi.
Joriy yilning mart oyida boshlangan tasvirga olish ishlari dastlab Toshkent va Buxoro shaharlarida, soʻngra Rossiya va Marokash mamlakatlarida boʻlib oʻtdi. Kartinaning yaratilishida mashhur chet el mutaxassislari, masalan, Germaniyalik operator Maks Tsui, Turkiyalik aktyor Murat Yildirim ishtirok etdi. Filmda ovoz rejissyori vazifasini AQSHlik Gerri Burjua bajardi. U “Born ustunligi” va “Ilk qasoskorlar” filmlarida ham bu vazifani aʼlo darajada amalga oshirganligi bilan mashhurdir.
“Scorpion” filmi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan taqdim qilinmoqda.

 

OʻzA