Oʻzbekiston tadbirkorlari el-yurtga naf keltirishi, aholi uchun ish oʻrinlari yaratishi, insonlarga yaxshilik qilish istagi mujassamligi bilan ham ajralib turadi. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Oʻyinchoqlar fabrikasi” taʻsischisi Alijon Yusupov ham ana shunday ezgu maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan tadbirkorlardan.
Alijon aka bizni korxona faoliyati bilan tanishtirdi. Ishchilarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi…
Chiroyli oʻyinchoqlar xarid qilamiz-u, ammo uni ishlab chiqarish jarayoni insondan qanchalik katta mehnat talab etishidan koʻpchiligimiz bexabarmiz. Oʻyinchoq idishlar, koptok, mashina qismlarining endigina uskunadan chiqqanini koʻrib hayratimiz oshadi.
Korxona faoliyati bilan batafsil tanishgach, suhbatdoshimiz tadbirkorlikni boshlagan dastlabki yillarni yodga oldi.
– Oʻn sakkiz yoshimdan buyon bozordaman. 21 yoshimda Xitoydan mahsulot olib kelib sota boshladim. Bu orada chetdan olib kirilayotgan tovarlarning boji anchayin qimmatlab ketdi va bu ish samara bermay qoʻydi. Dastlab bitta uskuna olib kelib, oʻyinchoq ishlab chiqara boshladik. Bu ishimiz oʻzini toʻliq oqlamas edi. Keyinchalik yana bitta uskuna sotib oldik, shundan soʻng foyda ola boshladik. Biri xarajatlarni qoplash, ikkinchisi foyda uchun ishlar edi. Qarasak, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotimiz ham arzon, ham sifatli.Ularning bozori chaqqon, ishimiz avjida.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 21 aprelida Olmazor tumaniga tashrifi chogʻida Toshkent oʻyinchoqlar fabrikasi negizida bolalar oʻyinchoqlari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha topshiriq berib, bu ishga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankini masʻul etib tayinladi. Bank bilan hamkorlikda ishga kirishdik va 1,5 million dollar kredit oldik, shaxsiy mablagʻlarimizni ham yoʻnaltirdik. Natijada katta oʻyinchoqlar fabrikasi yaratildi. Dastlab 50 ta ishchi ishlagan boʻlsa, sentyabr boshidan boshlab ular sonini 100 dan oshirish niyatidamiz.
Hozirda fabrikamiz 280 xil bolalar oʻyinchogʻi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega, mijoz talabiga qarab mahsulot turlarini chiqarib beramiz. Dubay, Qozogʻiston, Rossiyadan mahsulotlarimizga talab tushmoqda. Ular mahsulotimiz sifatini yuqori baholamoqda.
Oilada besh aka-ukamiz, men ularning kattasiman. Ukalarim men bilan birga ishlab, yordamlashadi. Biz oʻzaro maslahatlashib ishlaymiz, bozordagi talab, oʻyinchoqlar sifati borasida maslahatlashishga hamisha vaqt topamiz. Mahsulotlarimiz dizayniga eʻtibor beramiz, albatta. Boisi, dizayn xaridorni jalb etuvchi muhim jihatlardan biri. Yangi dizayndagi mahsulot chiqarish, uning qolipini tayyorlash ham uzoq vaqt talab qiladi. Bitta yangi oʻyinchoq qolipini tayyorlash uchun kamida 6 oy vaqt kerak boʻladi. Afsuski, bizda hali sifatli qolip tayyorlay oladigan fabrikalar yoʻq, shu bois qoliplarni Xitoydan keltirishga majburmiz.
Mahsulotimiz sifatli boʻlishi bilan birga jahon bozoriga qaraganda anchayin arzon ham. Yaʻni Rossiyaga qaraganda 3, Xitoyga nisbatan 2 baravar arzon. Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida mahsulot yetkazib berish xizmatini yoʻlga qoʻyganmiz, telefon, internet olqali ham buyurtmalar olamiz. Biznesda oʻzaro ishonch, sifat, halollik – birlamchi mezonlardan.
Mahsulot tayyorlash jarayonining taxminan 10 foizi ishchi, qariyb 80 foizi texnika hissasiga toʻgʻri keladi. Yigʻish jarayonida esa koʻproq qoʻl mehnatidan foydalaniladi. Ishchilarimizdan sifatga alohida eʻtibor berishni talab qilamiz. Axir xaridorlar mahsulotimizni puliga sotib oladi, biz doimo xaridor manfaatini oʻylashimiz kerak. U atrofidagilarga ham bizning mahsulotni tavsiya qilishi, mahsulotimiz oʻzini oʻzi reklama qilishi lozim. Bu natijaga erishish oson emas, ammo iloji bor.
Korxonamiz katta, oʻziga yarasha xarajatlari bor. Ammo har qanday vaziyatda ham ishchilarga eʻtiborni unutmasligimiz kerak. Korxonamiz Olmazor tumani hududida joylashgani bois, ishchilarimiz asosan shu atrofda istiqomat qiladigan ayollar. Boisi, ish vaqtimiz ertalab soat sakkizdan boshlanadi, ishdan soʻng ayollar tezroq oilalari bagʻriga borishi, roʻzgʻor ishlariga ham ulgurishi kerak. Ishchilarning 80 foizga yaqinini ayollar tashkil etadi va ular asosan oʻyinchoqlarni yigʻish-terish jarayonida ishlaydi, nisbatan ogʻirroq ishlarni erkaklar bajaradi. Kuniga bir mahal korxona hisobidan ovqat beriladi, hozirda ishchilarimizning eng kam oyligi 800 ming soʻmni tashkil etadi va kelgusida maoshlarni yanada oshiramiz. Yaxshi ishlagan, ish unumdorligi yuqori ishchilarga oylikdan tashqari mukofot pullari ham beriladi. Bundan tashqari, bayramlar, muhim sanalarda ishchilarimiz uchun sovgʻalar tashkil qilamiz. Hozir ular uchun shinam oshxona qurayapmiz.
Davlatimiz rahbari joriy yilning iyun oyida Olmazor tumaniga tashrifi chogʻida korxonamizda boʻlib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi. Hayotimiz, faoliyatimizdagi bunday tarixiy kunni unutib boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari xom ashyoni 100 foizga mahalliylashtirish taklifini berdi.
…Germaniyada ishlab chiqarilgan buldozer oʻyinchogʻi va bizning sexda chiqayotgan milliy mahsulot. Rangi biroz farq qilmasa, sifati bir xil. Ammo pulida juda katta tafovut bor. Ularning bu mahsuloti internet doʻkonlarida taxminan 83 ming soʻm atrofida turadi. Bu Germaniyadagi narx, yoʻl haqi, bojxona toʻlovlarisiz. Bizning mahsulot esa bozorda 8 ming soʻm atrofida.
Tayyorlayotgan oʻyinchoqlarimizni birinchi boʻlib farzandlarim, jiyanlarimga olib boraman. Ular bizning dastlabki “mijoz”, “ekspert”larimiz. Koʻcha-koʻy, bolalar bogʻchasida biz ishlab chiqarayotgan oʻyinchoqlarni oʻynab turishganini koʻrsam quvonib, yayrab ketaman.
Maqsadimiz yurtimizda oʻyinchoqlar narxi yanada arzonlashsin, har bir ota-ona maoshidan orttirib oʻz farzandiga istagan oʻyinchogʻini olib bera olsin.
…Yurtimiz farzandlari uchun ishlab chiqarilgan, uzoq oʻlkalarga ham joʻnatishga hozirlangan oʻyinchoqlardagi “Made in Uzbekistan” yozuviga koʻzimiz tushib, faxr-iftixorga toʻldik.
Inobat Ahatova, OʻzA