Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi boʻlib oʻtdi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan majlisda Oliy Majlis Senati aʻzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, sudyalar, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʻul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda mamlakatimiz sud-huquq sohasidagi islohotlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmi yaratilishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Ayniqsa, sud tizimidagi oʻzgarishlar fuqarolarning sudga murojaat qilishi, sud orqali himoyalanish huquqi kafolatining yanada kengayishiga zamin yaratdi.
Majlisda qonunlarni qoʻllash va sud amaliyoti samaradorligini yanada oshirish maqsadida tayyorlangan Plenum qarorlari loyihalari muhokama etildi.
Qayd etish joiz, 2017 yil 30 noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonda sud-tergov faoliyati davomida fuqarolar huquqlarini muhofaza etishning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish lozimligi koʻrsatilishi bilan birga, qonunga xilof usullar orqali yoki protsess ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoxud ularni cheklash yoʻli bilan olingan dalillardan foydalanish taqiqlandi.
Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sudning oldiga bir qator dolzarb vazifalar qoʻyilgan.
Xususan, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilganligi hamda tergov-sud amaliyotida ayrim masalalar kelib chiqayotgani munosabati bilan “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonun normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Unda sudlarning eʻtibori shaxsning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda belgilangan tartibda isbotlangunga qadar aybsiz hisoblanishi haqidagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish zarurligiga qaratilgan.
Mazkur tamoyilga surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud tomonidan rioya etilishi zarur. Jinoyat-protsessual qonunchilikda ham qonun normalariga qatʻiy amal qilish, qonuniylik talablari qatʻiy belgilangan.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonun normalariga rioya etishdan chekingan holda olingan dalillari nomaqbul, yaʻni yaroqsiz, deb topiladi. Oʻz navbatida, nomaqbul dalillar yuridik kuchga ega boʻlmay, ulardan Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qoʻyish mumkin emas.
Majlisda “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi Plenum qarori loyihasi ham muhokama qilindi. Mazkur qaror Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlar, sud amaliyotida ayrim masalalar kelib chiqayotgani sababli tayyorlangan.
Maʻlumki, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi jinoyat protsessi ishtirokchilarining ishi yuqori instansiya sudida qayta koʻrilishiga boʻlgan huquqlari taʻminlanishiga qaratilgan muhim huquqiy vositadir. Bunday tartibda ish yuritish mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʻvogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror va uning oʻrinbosari protesti boʻyicha qoʻzgʻatiladi.
Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq hukmning oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qoʻzgʻatilishi mumkin. Bular jumlasiga qonunda belgilangan tartibda protsessning u yoki bu ishtirokchisi sifatida eʻtirof etilmagan, biroq oʻzining haqiqiy holatiga koʻra sud himoyasiga muhtoj boʻlgan shaxslar (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar) kiradi.
Shu sababli birinchi instansiya sudi shikoyatni (protestni) qabul qilish paytida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart. Qonunga koʻra, apellyatsiya, kassatsiya shikoyati hukm chiqargan sud orqali beriladi.
Plenum majlisida muhokama etilgan yana bir qaror – “Fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisida”dir. Mazkur qaror fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlashni tartibga soluvchi qonun normalarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʻminlash maqsadida tayyorlangan. Zero, fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlashni amalga oshirish haqidagi qonun talablariga rioya qilish ishni belgilangan muddatda koʻrish va qonuniy hal etishning asosiy shartlaridan biridir.
Fuqarolik protsessual kodeksining birinchi instansiya sudida ish yuritishni tartibga soluvchi qoidalariga muvofiq, sudlar ushbu kodeksda nazarda tutilgan sud muhokamasiga tayyorlashga oid barcha zarur harakatlarni amalga oshirganidan soʻnggina ishni koʻrishga kirishishga haqli.
Qaror loyihasida sudlarning eʻtibori ishlarni sud muhokamasiga tayyorlash barcha daʻvo va alohida tartibdagi ishlar boʻyicha ularni toʻgʻri va oʻz vaqtida koʻrilishi hamda hal etilishini taʻminlash maqsadiga ega boʻlgan fuqarolik protsessining mustaqil bosqichi hisoblanishi hamda majburiyligiga qaratilgan.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Majlisda qabul qilingan qarorlar jinoyat va fuqarolik ishlarini qonuniy hamda adolatli hal etishga, fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda qoʻllanilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Plenum majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov ishtirok etdi.