O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika vazirlari hamda Jahon banki vakillari Qambarota GES-1 barpo etilishi tashabbusini amalga oshirish jarayoni muhokamasi uchun Toshkentda to‘plandi.
– Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga beqiyos foyda keltiradi, “yashil” iqtisodiyot g‘oyasini ilgari surish, suv resurslaridan samarali foydalanish orqali mintaqaviy energiya xavfsizligini mustahkamlaydi, – dedi mamlakatimiz energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek qurilajak majmua xalqaro moliya institutlari va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlab, shunday dedi:
– Mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, butun Markaziy Osiyoning uzoq muddatli rivojlanishiga ko‘maklashishdagi ulkan salohiyatini hisobga olib, Qambarota 1-gidro elektr stansiyasini “Asr loyihasi” deyish mumkin. Toshkent uchrashuvi 2024 yil Vena, Bryussel va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muloqotlar turkumini davom ettirmoqda. Ushbu muzokaralar umumiy ishimizni muvofiqlashtirish, loyihani tezlashtirish, zarur xalqaro ko‘mak jalb qilishga yordam beradi.
Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov suv-energetika sohasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratib, ayni jipslik mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashi, mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini rag‘batlantirishi uchun asos ekanini qayd etdi.
– Biz uch mamlakat hukumatlarini barqaror energetika kelajagini ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, fuqarolar hayot sifatini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatda qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz, – dedi o‘z navbatida Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. – Hozir boshqa xalqaro hamkorlar bilan birga Qambarota GES-1 tashabbusini hayotga tatbiq etish uchun zarur mablag‘ni topish yo‘lida ishlayapmiz.
Uchrashuvda tomonlar loyihani birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq muhim tamoyillar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Asosiy bosqichlar belgilanib, rejalar tasdiqlandi. Shuningdek, amaliy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, hamkorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun vazirlar darajasida, xalqaro donorlar ishtirokida muntazam muloqotlar o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA