Muzliklar sayyoramiz iqlimini shakllantirish, milliardlab odamni toza suv bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Afsuski, global isish tufayli yer yuzasidagi muzlik juda tez erimoqda. Shu bois, iqlim o‘zgarishi oqibatida muz, chuchuk suv kamayishi, daryolar qurishi, serhosil yer maydonlari dashtga aylanishi insoniyat so‘ngi davrda duch kelayotgan o‘ta keskin masalaga aylandi.
Endilikda mazkur muammoga yechim topish zarurligi haqida bot-bot jar solinmoqda. Shunday chaqiriqlardan biri yaqinda BMT minbaridan yana bir bor yangradi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tojikiston tashabbusi bilan 2025 yilni “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” sifatida e’lon qildi.
Ayni tashabbusga tashkilot yangiliklari saytida 21 yanvar kuni rasman start berildi. Shu tariqa, BMT xalqaro hamjamiyatning iqlim tizimi va gidrologik turkumdagi muzliklar hayotiy ahamiyati, shuningdek Yer kriosferasidagi o‘zgarishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatidan xabardorligi oshishidan umid qilmoqda.
Muzliklar – chuchuk suvning asosiy manbai
Muzlik – quruqlikda hosil bo‘ladigan va o‘z og‘irligi ostida harakatlanishi mumkin bo‘lgan ulkan muz va qor to‘plami bo‘lib, barcha qit’alarda – tog‘li hududlar, Grenlandiya va Antarktika chekkalarida joylashgan. Jami 275 mingdan ortiq muzlik taxminan 700 ming kvadrat/kilometr joyni egallab, dunyodagi chuchuk suvning qariyb 70 foizini tashkil qiladi.
Yer kurrasidagi 2 milliarddan ortiq odamning hayot kechirishi muz va qor erishi bilan bog‘langan. Bu jarayon ularni ichimlik va dehqonchilik uchun zarur suv bilan ta’minlaydi. Shu bois muzliklarni saqlash ekologiya va iqtisodiy barqarorlik uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Muzliklar – iqlim o‘zgarishi ko‘rsatkichining asosi
Ilim o‘zgarishining sezgir ko‘rsatkichi sifatida, muzliklar, harorat oshishi tufayli butun dunyo bo‘ylab chekinmoqda. Mazkur jarayon XIX asr o‘rtalari – Kichik muzlik davrining oxirida boshlangan. Garchi, turli vaqt va mintaqalarda muzlik hajmining qisqa muddatli o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, atmosferada issiqxona gazi aralashmasi ortib borishi, tez global isish tufayli chekinish tezlashgan. Yuqori global harorat qor to‘planadigan fasllarni qisqartirib yuborgan.
Toza suv borgan sari kamaymoqda
Iqlim va kriosfera o‘zgarishi suv aylanishi, jumladan muzlik va qor erishi hamda yer osti suvi zaxirasi to‘ldirilishiga salbiy ta’sir qilib, dengiz sathini ko‘taradi. Muzliklar qisqarishi va qor qoplami yupqalashishi natijasida chuchuk suv kamayadi. Shu tariqa qurg‘oqchil hududlarda suv resurslari uchun raqobat, nizolar kuchayadi.
Abadiy muzliklar erishi bilan bog‘liq yangi tahdidlar
Iqlim o‘zgarishi tabiiy xavf ketma-ketligiga ta’sir qiladi. Tog‘ yon-bag‘irlari barqarorligi toshqin xavfi yuqori tog‘li hamda subarktik mintaqalarda muzliklar chekinishi va abadiy muzlik erishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, muz erishi ko‘llarni toshirib, ko‘chki yoki tuproq eroziyasini kuchaytiradi.
Tojikiston tashabbusi haqida
Bugungi kunda Tojikistondagi muzliklar Markaziy Osiyo mintaqasidagi ichimlik suvining asosiy manbai hisoblanadi. Afsuski, bu huddudda ham so‘nggi payt erish tezlashgan. Ma’lumotga ko‘ra, tog‘lardagi mavjud 14 000 muzlikdan mingga yaqini butunlay erib ketgan. Bunday tashvishli vaziyat mamlakat rasmiylarini “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” tashabbusi bilan chiqishga undadi.
Joriy yil Dushanbeda ayni muammoga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Zudlik bilan harakat qilish vaqti keldi
Muzliklar misli ko‘rilmagan tezlikda chekinib, dunyo landshaftini o‘zgartirmoqda. Atrof-muhit barqarorligidagi muhim roliga qaramay, mamlakatlar o‘z siyosatini shakllantirishda doim ham tegishli muammolar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni hisobga olmayapti.
BMT muzliklarni issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish, moslashish va oldini olish strategiyalarini qabul qilish orqali himoya qilish va saqlash mumkinligini ta’kidlamoqda. Mavjud tajriba va bilim, meteorologik ma’lumot va ilmiy tahlillardan foydalanish zarur siyosat ishlab chiqish uchun har tomonlama, inklyuziv asos yaratadi.
Bunday sharoitda muzliklarni muhofaza qilish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar qo‘riqlanadigan hududlar tashkil etish, tizimli monitoring olib borish, yerdan foydalanishning ekologik toza amaliyotini joriy etish, suv resurslari kompleks boshqaruvini amalga oshirish, kriosfera xavf-xatarlariga qarshi kurashish uchun ogohlantirish tizimlarini ishlab chiqish taqozo etiladi.
S.Rahimov,
O‘zA