Xabaringiz bor, yana ikki kundan keyin Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida 18-bor o‘tkazilayotgan yozgi Osiyo O‘yinlarining rasman start oladi.
Ayni sport delegatsiyamizning katta qismi musobaqa joyiga yetib borishgan, ayrim sport turlari bo‘yicha esa musobaqalar allaqachon boshlanib bo‘lgan. Aytaylik, futbolchilarimiz dastlabki o‘yinni Bangladesh termasiga qarshi o‘tkazishib, 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bugun esa Ravshan Haydarov ustozligidagi termamiz Qatar termasiga qarshi kurash olib boradi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.
Shuningdek, ot sporti, tennis, penchak silat, baydarka va kanoeda eshkak eshish, slalomda eshkak eshish, boks, qilichbozlik, yengil atletika bo‘yicha terma jamoalarimiz Indoneziyaga yetib kelib bo‘lishdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining xabar berishicha, bugun Olimpiya shaharchasidagi O‘zbekiston sport delegatsiyasi ishchi guruhi uchun ajratilgan shtabda yuqorida sanab o‘tilgan sport federatsiyalari rahbarlari, shuningdek, ishchi guruhi a’zolari ishtirokida yig‘ilish tashkil qilindi. Uni MOQ rahbari Umid Ahmadjonov olib bordi. Yig‘ilish davomida sportchilarimiz uchun Olimpiya shaharchasida yaratilgan sharoitlar, ularning Osiyo o‘yinlaridagi imkoniyatlari, tashkiliy ishlarni tezkor va sifatli olib borish, qolaversa sportchilar kayfiyatini ko‘tarish, ularni g‘alabalar sari ruhlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Umid Ahmadjonov ham Jakarta, ham Palembang shaharlarida faoliyat ko‘rsatadigan shtab faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i ko‘tariladi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi esa 18-avgust kuni “Gelora Bung Karno Stadium”da bo‘lib o‘tadi.
O. Yunusov, O’zA