Uch kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun hududda mahalliy davlat boshqaruvi, aholi bilan ishlashni samarali tashkil etish uchun talab etiladigan bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Nukus shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur seminar asosan mahalliy hokimliklar va jamoat tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish hamda aholi bilan muloqot madaniyatini takomillashtirishga qaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan kadrlar salohiyatini oshirish, tarmoq va hududiy darajada samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar, aholini rasmiy ish bilan ta’minlash, daromad manbaiga ega bo‘lish yuzasidan keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar 2025 yilda shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, hududlarning “drayver” yo‘nalishini aniqlash, yirik sanoatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba va boshqa ko‘plab sohalar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri