Senat Raisi Tanzila Norboyeva Jazoirning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irki bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari, shu jumladan, ijtimoiy-siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ilmiy hamkorlikning, ayniqsa, ta’lim sohasidagi hamkorlikning ahamiyatini qayd etdi. Islom tarixi va madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali platformasini yaratish uchun do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA