Xalqaro jinoyat sudi haqida bilgan, bilmaganimiz

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) 2002 yil Nyu-Yorkda imzolangan Rim nizomi asosida tashkil etilgan xalqaro tuzilma – Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning asosiy maqsadi jahon miqyosidagi eng og‘ir, jumladan genotsid, insoniyatga qarshi qaratilgan hamda urush jinoyatlarini tergov va sud qilishdir.

XJS tarixi o‘tgan asr o‘rtalariga taqaladi. Ikkinchi jahon urushi oxirida Nyurnberg va Tokio sudlari faoliyati asosida ilk bor xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurash tizimi shakllantirildi. To‘g‘ri, mazkur muvaqqat sudlar chiqargan hukmlar faqat muayyan davrda amal qilgan.

1998 yil Rimda o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada Rim nizomi qabul qilindi va bu hujjat XJS tuzilishida muhim ahamiyat kasb etdi. 2002 yil 1 iyulda maxsus Nizom kuchga kirdi va sud o‘z faoliyatini boshladi.

Xalqaro jinoyat sudining asosiy vazifalari quyidagilar:

1. Jinoyatchilarni jazolash. Turli davlatlardan tushgan shikoyatlar asosida jinoyatchilarni sud qiladi.

2. Tergov olib borish. Sud o‘z vakolati doirasida tergov amalga oshirishi mumkin.
3. Adolatni ta’minlash. Jinoyatchilikka qarshi kurashda adolatni ta’minlaydi, jabrlanuvchilar huquqini himoya qiladi.

XJS ish yurituvi asosan davlatlar tomonidan taqdim qilingan shikoyatlarga asoslanadi. Hozirgi kunga qadar tuzilma bir necha muhim ishni, xususan Rossiya – Ukraina va Faslatin – Isroil ziddiyatlariga oid jinoyatlarni ko‘rib chiqqan.

Afsuski, keyingi payt XJS faoliyatida ayrim kamchiliklar ham sezilmoqda.

– Siyosiy nizo. Ba’zi davlatlar ushbu xalqaro tashkilotga kirishdan bosh tortdi yoki tuzilma tarkibidagi, masalan AQSH va Rossiya singari mamlakatlar a’zoligini bekor qildi. Bu holat sudning yuridik kuchi va faoliyati samaradorligini kamaytirdi.

– Resurs yetishmovchiligi. Moliyaviy resursi cheklangani sababli, XJS uchun samarali ish olib borish qiyinlashmoqda.

– Jinoyatchilarni ushlashdagi qiyinchiliklar. Ko‘pincha jinoyatchilar muayyan huquq tizimidan foydalanib, jazodan qochishga muvaffaq bo‘lmoqda.

– Sud jarayoni uzoq cho‘zilishi. Ayrim ishlar juda uzoq davom etishi ortidan jabrlanuvchilar qo‘shimcha ruhiy bosim ostida qolyapti.

– Adolat tushunchasiga nisbatan tafovut. Turli madaniyatlar o‘rtasidagi farq tufayli adolat tushunchasi har xil talqin qilinishi mumkin.

Aslida Xalqaro jinoiy sud davlatlararo huquq tizimini muvofiqlashtirishda muhim o‘rin egallaydi, dunyo miqyosida og‘ir jinoyatlarga qarshi kurashish uchun zarur va muhim vosita hisoblanadi. Faqat tuzilmaning so‘nggi paytdagi faoliyati tub islohotga muhtojdek, XJS doirasida qat’iy me’yorlar o‘rnatilishiga zarurat yetilgandek. Demak, kelgusida sudning samaradorligini oshirib, global adolatni ta’minlash jarayoniga hissa qo‘shish uchun mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish lozim. Faqat shu tarzda xalqaro jinoyatchilikka munosib qarshi turish mumkin.

Musulmon Ziyo, O‘zA sharhlovchisi