Koreya Respublikasi parlamenti mamlakat Prezidenti Yun Sok Yol bugun ertalab televideniye orqali xalqqa yo‘llagan murojaatida e’lon qilgan harbiy holatni inkor etish bo‘yicha qaror chiqardi. Davlat rahbari o‘z qarori konstitutsion tartibni “kommunistik kuchlar” va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan kelayotgan xavf-xatardan saqlash uchun zarurligini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyadan ham, mahalliy “aksil davlat unsurlar” tomonidan ham paydo bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etish kerak. Binobarin, Prezident shimoldan aynan qanday xatar mavjudligiga aniqlik kiritmagan. Ayni payt har ikki tomon texnik jihatdan urush holatiga yaqin turibdi.
YTN telekanali saytida to‘liq chop etilgan Millatga murojaatnomada Prezident muxolifatni hukumatning asosiy shaxs va mulozimlariga nisbatan impichment e’lon qilishga urinish orqali davlat ishiga jiddiy to‘siq qo‘yishda ayblagan. Ma’lum bo‘lishicha, bahorda bo‘lib o‘tgan saylov natijasida yangi hukumat ish boshlagandan so‘ng o‘tgan davr mobaynida Milliy kengash 22 nafar davlat xizmatchisi, jumladan bir necha prokuror hamda ichki ishlar va mudofaa vaziriga impichment bilan tahdid qilgan.
– Bu ochiqchasiga erkin Koreya Respublikasida Konstitutsiya va qonunlar bilan o‘rnatilgan tartibni, davlat institutlari faoliyatini buzish, fuqarolar urushi qo‘zg‘atishga qaratilgan harakat, – dedi Yun Sok Yol. – Bizning jinoiy guruhlar uyasiga aylangan Milliy kengashimiz mamlakat sud-ma’muriy tizimini jonsizlantirish va liberal demokratiya tizimini qonunchilik diktaturasi yordamida ag‘darishga urinmoqda.
Ayni payt hukmron partiya ham, muxolifat ham harbiy holat joriy qilinishi tarafdori emas. Yun Sok Yol qarorini parlamentdagi ko‘pchilik – Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myon Konstitutsiyaga zid, deb atadi, Prezident partiyasi – “Xalq kuchi” rahbari Xan Don Xun ham noqonuniyligini ta’kidlab, qaytarishga va’da berdi.
“Reuters” axborotida harbiy holatga rioya etilishi uchun mas’ul armiya generali Pak An Suning buyrug‘i tarjimasi keltirilgan. Ushbu hujjatga ko‘ra, mamlakatda har qanday siyosiy faoliyatga, jumladan parlament, mahalliy kengashlar, siyosiy partiya va uyushmalar ishiga, shuningdek miting, namoyish uyushtirish, qo‘zg‘olon ko‘tarishga taqiq qo‘yilgan.
Buyruqqa binoan, OAV harbiy qo‘mondonlik nazorati ostiga o‘tgan, “yolg‘on xabarlar tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish va noxolis targ‘ibot olib borish man qilingan. Ushbu qoidalarni buzganlar qo‘lga olinishi, ordersiz tintuv qilinishi va jazoga tortilishi ko‘rsatilgan.