Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zladi.
Qayd etilganidek, o‘tgan davrda parlament diplomatiyasi va parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning ta’sirchan va pragmatik vositasiga aylandi.
O‘tgan besh yilda O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti parlament assambleyalariga a’zo bo‘ldi, Shanxay hamkorlik tashkilotining xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari ikkinchi parlamentlararo forumi kabi xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.
Yangi tuzilayotgan parlament komissiyasi tashabbusni qo‘lga olib, qonunlarimizni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga to‘liq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirildi.
O‘zA