Nukus “Temurbeklar maktabi”da “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz!” mavzusida respublika seminari doirasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini tashkil qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish orqali xizmatlar sifatini oshirish, davlat va nodavlat maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu sohada qabul qilingan ichki idoraviy hamda yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari asosida ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar matnlardagi normalarning mohiyati bilan ahamiyati tanishtirilib, kafolat xat rasmiylashtirildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malakasi oshirilmoqda. Pedagog xodimlar 2 soatlik “Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida o‘qitilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida vazirlikka yuklatilgan tadbirlarning ijrosi, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi ta’minlanmoqda.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunni amalga oshirish bo‘yicha idoraviy dastur tasdiqlanib, qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish, korrupsiyaga qarshi profilaktika chora-tadbirlarni tashkil etish hamda ilgarigi tekshirishlarda ko‘rsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida joriy yil 1 noyabrdan 1 dekabrga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarida korrupsiya tushunchasini yoshga mos tarzda tushuntirish, odob-axloq qoidalariga amal qilish, halollik va adolatlilik kabi xislatlarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “O‘quvchi yoshlar halollik tarafdori” 10 kunligi tashkil etildi. Tizimdagi oliy ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari hamda tashkilotlarida “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovi, tizimdagi oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida “Stop korrupsiya heshtegi” chellendji, ota-onalar o‘rtasida “Iste’molchilarning ta’lim xizmatlari sifatidan qanoatlanganligi” mavzusi bo‘yicha sotsiologik so‘rovnomalar, “Aksilkorrupsiya haftaligi”, o‘z faoliyatlari ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini o‘tkazilmoqda.

Respublika seminari doirasida tashkil etilgan ochiq muloqotda pedagoglar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA