Internet davrida axborot to’lqinlari to’xtovsiz oqadi, har bir kishi o’ziga yoqadigan mavzularni tanlab o’qishi mumkin. Lekin shoshilinch yangiliklar oqimida chuqur tahlil, xolis ma’lumot va sifatli jurnalistika qadriyatini unutib qo’ymaslik kerak. Gazeta va jurnallarni o’qishning ahamiyati shundaki, ular bizga dunyo haqida to’liq va chuqur tushuncha beradi. Ammo shunga qaramay odamlar qog’oz nashrlarni o’qishni to’xtatib, onlayn axborot manbalariga o’tishmoqda. Lekin bu o’zgarishning asosiy sabablari nimada?

Gap shundaki  internet zamonida axborot tez va qulay tarzda taqdim etiladi. Onlayn manbalar yangiliklarni real vaqtda, har qanday joyda va har qanday qurilmada taqdim etadi. Gazeta va jurnallar esa kunlik yoki haftalik nashrlarga bog’liq.

Yana bir sabablaridan biri shuki onlayn manbalar interaktiv bo’lib, o’quvchilar maqolalarga sharh yozishi, o’z fikrlarini bildirishi va boshqa o’quvchilar bilan muloqot qilishi mumkin. Gazeta va jurnallar esa bu imkoniyatlarni cheklangan miqdorda taklif etadi.

Bu borada biz talaba yoshlardan ham o’z fikirlarini so’radik. Qoraqalpoq Davlat Universiteti San’atshunoslik fakultetining 2-kurs talabasi Barno Sabirova quyidagicha fikrlarini aytib o’tdi: ”Men yangiliklardan xabardor bo’lish uchun ko’proq internetdagi rasmiy saytlardan foydalanaman. Chunki ular ancha tezkor, shuningdek gazeta va jurnallarni sotib olish oddiy aholi uchun qimmatga tushishi mumkin. Onlayn manbalar esa arzon va o’quvchilarga bepul yoki  kichik to’lov evaziga taqdim etiladi.” Aynan shu Universitetda tahsil olayotgan Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakultetining 4-kurs talabasi Kamila Madaminova esa shunday fikirlar bildirdi: ”Gazeta va jurnallarni o’qish jurnalistika madaniyatini rivojlantirishga yordam beradi. Ular bizga qanday qilib xolis ma’lumotlarni topishni, ularni tekshirishni va o’z fikrimizni shakllantirishni o’rgatadi. Shuningdek ular professional jurnalistlar tomonidan tayyorlanadi hamda faktlarni tekshirish va xolis ma’lumotlarni taqdim etishga harakat qiladi. Onlayn manbalarda esa ko’pincha shaxsiy fikrlar va noto’g’ri ma’lumotlar tarqaladi. Shuning uchun ham gazeta va jurnallarning bugungi kundagi ahamiyati katta deb o’ylayman.”

Gazeta va jurnallarni o’qish nafaqat dunyo haqida bilimlarni boyitadi, balki insoniyatni aqlli va tanqidiy fikrlovchi insonlarga aylantiradi. Shuning uchun, shoshilinch yangiliklar oqimida sifatli jurnalistikani qadrlashni unutmaslik lozim.

 

Shahlo Sabirova

QDU Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti 4-kurs talabasi

Qoraqalpog’iston axborot agentligi