Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi Harbiy va fuqarolik kartografiya idoralari rahbarlarining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining poytaxti Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi kadastr agentligi direktori F.Pulatov boshchiligidagi delegatsiya Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi Harbiy va fuqarolik kartografiya idoralarining ilk rahbariy uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, tadbir boshida so‘zga chiqqan Milliy mudofaa vaziri o‘rinbosari Shuay Alpay  o‘zaro hamkorlikni turkiy dunyoning muhim qadami deya e’tirof etgan.

Qayd etilishicha, yig‘ilish kun tartibidan:

— TDTga a’zo davlatlarning sohadagi faoliyati hamda strategiyalari bilan tanishish;

— geodeziya va kartografiya faoliyati bilan tanishish;

— mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar bilan ishtirokchilarni tanishtirish kabi masalalar o‘rin olgan.

Shuningdek, tadbir doirasida bir qator idora rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Jumladan, Kadastr agentligi va Turkiya yerni ro‘yxatga olish va kadastr bosh boshqarmasi o‘rtasida idoralararo uchrashuv o‘tkazilgan.

Joriy yilning 6 iyun sanasida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kadastr agentligi hamda Turkiya Respublikasi Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Yerni ro‘yxatga olish va kadastr bosh direktorati o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risida Bayonnoma ijrosi yuzasidan ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish, davlat xizmatlari, axborot tizimlari, sohaga doir normativ huquqiy hujjatlar va malaka oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashish ko‘zda tutilgan idoralararo Harakatlar rejasi imzolangan.

O‘zA