Saylovlarning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Jumladan, ular orqali fuqarolar o‘z saylov huquqlarini amalga oshirish, saylovda qatnashayotgan turli siyosiy partiyalar va nomzodlar saylovoldi dasturlarining asosiy yo‘nalishlaridan xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari saylovga tayyorgarlik ishlarini kuzatib borish, uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda qatnashish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Ommaviy axborot vositasi saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.
Joriy yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy va mahalliy OAV vakillarining akkreditatsiyasi bo‘yicha murojaatlari mutlaqo yangi tartibda “E-saylov” axborot tizimi orqali elektron tarzda taqdim etilmoqda.
E’tiborli jihati, akkreditatsiya bo‘yicha murojaatlar nafaqat elektron shaklda, balki soddalashtirilgan tartibda yuborilmoqda. Xususan, endilikda murojaat bilan birga OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi, OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish anketasi hamda elektron fotosuratini taqdim etish zarurati qolmadi.
Mazkur ma’lumotlarning barchasi idoralararo integratsion platforma orqali “E-Saylov” axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantirilmoqda. Bu esa akkreditatsiyadan o‘tish jarayonlarida OAVlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi hamda saylovlarning yanada ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan “E-saylov” axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra 7 ta ommaviy axborot vositasining, xususan, 1 ta teleradiokanal, 4 ta bosma, 2 ta internet nashrining jami 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Akkreditatsiya guvohnomalari ham tizim orqali avtomatik tarzda yangi zamonaviy ko‘rinishda shakllantirildi hamda OAV vakillariga taqdim etildi.
OAV vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritishi, saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lishi, nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etishi, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lishi hamda ushbu jarayonni kuzatishi mumkin.
Bundan tashqari, majlis kun tartibiga muvofiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning navbatdagi guruhini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Jumladan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo Parlament Assambleyasi, Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan, Malayziya, Maldiv, Armaniston, Ozarbayjon, Filippin, Gruziya, Moldova, Pokiston, Turkiya kabi xorijiy markaziy saylov organlaridan, Avstriya, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Belgiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Koreya, Latviya, Malayziya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Polsha, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Tayland, Fransiya, Yaponiya va Hindiston kabi xorijiy davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlarining jami 109 nafar vakili kuzatuvchi maqomida akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Hozirgi kunda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar soni 291 nafarni tashkil etmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA