Dohada mamlakatimizning Qatar Davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev boshchiligida talabalar va vatandoshlarimiz ishtirokida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Ma’lumki, joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Parlament va mahalliy kengashlarga saylovda ishtirok etish 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi. Bu huquq yurtdoshlarimiz qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, ta’minlanishi shart. Saylov kodeksi 10-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari huzurida mazkur muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va saylovni o‘tkazish davrida saylov uchastkalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Dohadagi uchastka Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil qilinadi va xorijdagi uchastka saylov komissiyalari faoliyati uchun zarur shart-sharoit bilan ta’minlanadi. Ayni payt xorijdagi saylov uchastkalari, chet eldagi fuqarolarimizni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, siyosiy tadbirning sanasi, muddatidan oldin ovoz berish vaqti va saylov kuni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali yoki mahalliy sharoitni inobatga olgan holda boshqa manbalar orqali xabardor qilish vazifalari belgilab olindi. Vatandoshlarimiz ushbu davlatda ham Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz beradilar.
Brifingda ovoz berish tizimiga tatbiq etiladigan saylovga oid yangi ishlanmalar va raqamli yechimlar haqida axborot berildi. Yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Doha shahrida “O‘zbegim” klubini tashkil etish taklifi bildirildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA