Markaziy bankda AQSH Transmilliy tadqiqot korporatsiyasi va investitsiya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyat va prognozlar, pul-kredit siyosatini yuritish va inflyatsiyani pasaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, tashqi sektor ko‘rsatkichlari hamda bank-moliya tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar muhokama qilindi.

Investitsiya kompaniyalari vakillari davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga qiziqish bildirib, ularga ichki bozordan davlat obligatsiyalarini xarid qilishning joriy mexanizmi va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha kelgusi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar doimiy muloqotni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, AQSH Transmilliy tadqiqot korporatsiyasi 1982 yilda tashkil topgan bo‘lib, jahon bozorlarining keng doiralarida makroiqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar olib boruvchi portfel menejerlarini taqdim etishga ixtisoslashgan konsalting kompaniyasi hisoblanadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA