Qachonki, ko‘ngillar yaqin bo‘lsa, bunday odamlarning orasiga hech kim tusha olmaydi. Markaziy Osiyo xalqlari nafaqat tili, madaniyati, balki dili yaqin bo‘lgani uchun ham ularda ruhiy yaqinlik, bir-biriga hurmat va izzat juda yuqori.
To‘g‘ri, ularni ba’zan chegaralar, ba’zan turli sabablar biroz ajratgan. Lekin bugun bu xalqlarning do‘stligi, hamkorligi yangidan boshlandi. Albatta, bu boshidan emas, azaliy qardoshlik aloqalari, ta’bir joiz bo‘lsa, bugun yuqori pardalarda davom etmoqda.
Bunda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni boshlaganda, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasini belgilagani muhim o‘rin tutdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mintaqadagi 5 ta davlat yetakchilarining sammiti (Maslahat kengashi)ni o‘tkazib borish tashabbusini ilgari surgani qardoshlarning birdamligiga keng yo‘l ochib berdi.
Bu nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda sivilizatsiya beshiklaridan biri sifatida tan olingan Xiva shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiy parlamentlari ikkinchi forumida qayta-qayta e’tirof etildi. Buni mintaqadagi parlamentlar rahbarlarigina emas, balki nufuzli xalqaro tashkilot bo‘lgan BMT vakili ham e’tirof etib, yuqori saviyada tashkil etilgan Xiva forumi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva mintaqadagi hamkorlik formati doimiy muloqot maydoni, o‘zaro muhim masalalarni muhokama va hal etishning samarali mexanizmiga aylanganini qayd etdi. Davlatlarimiz rahbarlarining tashabbusi va siyosiy irodasi natijasida yo‘lga qo‘yilgan integratsiya jarayonlari savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlikning faollashishiga keng yo‘l ochdi. Bundan oldin chegara, transport, suv resurslari, savdo sohalarida bir qator ziddiyatlar bartaraf etilgan bo‘lsa, bugun mintaqadagi o‘zaro hamkorlik mamlakatlarimizni taraqqiyot yo‘liga olib chiqishda muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, chegaraviy muammolarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani huquqiy rasmiylashtirishni to‘liq yakunladi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qildi. Chegaradagi o‘nlab o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini tiklab, mamlakatlarimiz o‘rtasida odamlarning harakatlanishini sezilarli darajada osonlashtirdi.
Qirg‘iziston bilan chegaradan o‘tishda fuqarolarimiz uchun ichki hujjat (ID-karta)ning o‘zi yetarli bo‘lmoqda. Xuddi shunday tartib Qozog‘iston tomoni bilan ham muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liqligini inobatga olgan holda mintaqadagi barcha davlatlar bugun ushbu mamlakatdagi barqarorlikka harbiy yechimsiz, faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish orqali erishish mumkinligi bo‘yicha pozitsiyalarini shakllantirgan.
Forum doirasida Senat Raisi T.Norboyeva Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston parlamentlari palatalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda parlamentlararo aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishda parlament nazoratidan unumli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum doirasida ishtirokchilar 4 ta panel sessiyalarga bo‘lingan holda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, bu borada parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish bo‘yicha fikr almashdi.
Birinchi panel sessiya Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlararo komissiyalari va do‘stlik guruhlarining mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi faoliyatini yanada kuchaytirishga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi R.Alimov boshqarib borgan majlisda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Parlamentlar vakillari ko‘p asrlik aloqalar, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun parlamentlararo komissiyalar va do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish lozimligini ta’kidladi. Ilmiy, ekspertlik va axborot-tahlil xizmatlarining hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, mintaqaning dolzarb muammolarini hal etishda komissiyalar, do‘stlik guruhlari va qo‘mitalar faolligini yanada oshirish lozimligi alohida qayd etildi. Bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ikkinchi panel sessiyada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda Markaziy Osiyo mamlakatlari mahalliy vakillik organlarining o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Buni chegaradosh hududlarda keng yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Uchinchi panel sessiyada mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlament ayol a’zolarining faol ishtirokini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi hamda mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar va imkoniyatlarni birlashtiruvchi muhim mexanizm hamda vositalarni qo‘llashga oid choralar belgilandi.
Forumning to‘rtinchi sessiyasida mintaqa darajasidagi asosiy ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda yoshlarning ishtiroki muhokama qilindi. Yoshlar parlamentining muhim qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etayotgani ta’kidlanib, bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, o‘zaro tajriba almashish zarurligi to‘yicha bir to‘xtamga kelindi.
Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari parlament devonlari rahbarlarining muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda forum davomida muhokama qilingan masalalar hamda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, qayd etilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda parlamentlar devonlari xodimlarining faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarning rivojlanish dinamikasini tahlil qilish, mintaqa mamlakatlari parlamentlarining ilmiy, ekspertlik va axborot-tahlil xizmatlarining hamkorlik tizimini takomillashtirishga kelishib olindi.
Shu bilan mintaqa parlament vakillarining Xiva forumi yakuniga yetdi. Forumda qabul qilingan Xiva deklaratsiyasida ko‘zda tutilgan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar mintaqa xalqlarining tinchligi, turmushi farovonlashib borishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, Bekzodbek Saidov (surat), O‘zA